Biznes | 15:00
1535
13 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda UzQR tizimi ishga tushdi. Asosiy savollarga javoblar

2026 yil 1 iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar UzQR yagona QR-kodi orqali to‘lovlarni qabul qilishi sharti. Tadbirkorlarda esa savol paydo bo‘lmoqda: endi Payme, Click, Uzum va boshqa to‘lov xizmatlarining QR-kodlarini olib tashlash kerakmi? Markaziy bankning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, boshqa QR-kodlarni olib tashlash talab etilmaydi, tadbirkorga bosim o‘tkazish esa qonunga xilof.

Kun.uz

O‘zbekistonda ko‘plab yuridik shaxslar 1 iyulni quyidagi savol bilan qarshi oldi: to‘lovlar uchun hamma ilovalarga o‘tadigan yagona QR-kod ishga tushishi munosabati bilan endi amalda ishlab turgan individual to‘lov servislarning QR-kodlarini kassadan olib tashlash kerakmi?

Markaziy bankning Kun.uz so‘roviga javobi quyidagicha:

«Bu ma’lumot hech qanday tasdiqqa ega emas va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Markaziy bank hech qachon savdo nuqtalariga biror-bir QR-kodni olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatma bermagan va bunday jarayonlarga aralashmaydi. Shuningdek, Markaziy bank to‘lov tashkilotlarining tijorat shartlari va komissiyalariga ham aralashmaydi.

UzQR – bu yagona QR-infratuzilma bo‘lib, uning maqsadi foydalanuvchilarga qulaylik yaratish. Shu bilan birga, to‘lov usullarini tanlash imkoniyati saqlanib qoladi: naqd pul, bank kartalari va boshqa amaldagi to‘lov usullari ishlashda davom etadi. Agar kimdir tadbirkorlarga QR-kodlarni majburiy tarzda olib tashlashni talab qilib bosim o‘tkazayotgan bo‘lsa, bu qonunga zid hisoblanadi. Bunday holatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni tavsiya etamiz».

Qonunga ko‘ra, savdo nuqtasida UzQR bo‘lishi shart. Qolgan barcha QR-kodlarni tadbirkorning o‘zi qoldiradi yoki olib tashlaydi va ularni demontaj qilishga qaratilgan har qanday majburlash holatni qayd etish hamda shikoyat qilish mumkin.

Qonun ikki xil talabni joriy etadi: biri yuridik shaxslar uchun, ikkinchisi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun

Chalkashlikning sababi shundaki, O‘zbekistonda bir vaqtning o‘zida ikki xil QR-islohoti amalga oshirilmoqda va har biri alohida hujjat, muddat hamda manziliga ega.

Birinchisi yuridik shaxslarga tegishli. Prezidentning 2025 yil 10 dekabrdagi PF-246-sonli farmoniga muvofiq, banklar 2026 yil 1 yanvardan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi kompaniyalar uchun yagona QR-kodni shakllantiradi, 1 iyuldan esa u orqali to‘lov qabul qilish majburiy bo‘ladi. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish deb baholanadi. Tizimning ishlash tartibi Markaziy bankning 2026 yil 15 aprelda Adliya vazirligida 3817-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qoidalarida belgilangan.

Ikkinchi islohot yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga taalluqli. Prezidentning 2025 yil 12 avgustdagi PQ-247-sonli qarorga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab ularda to‘lov tashkilotining raqamli platformasida shakllantirilgan maxsus QR-kod bo‘lishi kerak. Bunday kodning mavjud emasligi kassa texnikasidan foydalanmaslikka tenglashtiriladi. Bu tizimni ko‘pchilik Paynet Xolis sifatida yaxshi biladi, chunki hozirga qadar bozorda unga raqobatchi paydo bo‘lgani yo‘q.

Shu bilan birga, ushbu islohotlarning hech biri avvalgi majburiyatlarni bekor qilmaydi. Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sub’yektlari avvalgidek terminallar orqali bank kartalarini hamda naqd pulni qabul qilishi shart. Yagona QR-kod mavjud to‘lov usullariga qo‘shimcha sifatida joriy etiladi.

Bozorda to‘rt turdagi QR-tizimlar mavjud va ularning barchasi turli ilovalar orqali to‘lov qabul qiladi

Ikki qatlamni ajratish lozim: sotuvchi tomonida pul qabul qiluvchi QR-tizimlar va xaridor to‘lovni amalga oshiradigan ilovalar.

Turi

Misol

Qisqacha ta’rif

Yagona QR

UzQR

Markaziy bank tomonidan joriy etilgan bo‘lib, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasida ishlaydi. Xaridor o‘z telefonida qaysi ilovani ishlatishidan qat’i nazar, ularning barchasi yagona QR'ni o‘qiy oladi.

Terminal QR

Uzcard TezQR

QR-kod POS-terminal ekranida paydo bo‘ladi, mijoz uni ilova orqali skanerlab, jismoniy kartasiz to‘lov qiladi.

Maxsus QR

Paynet Xolis

YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar maxsus QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilganda, elektron chek shakllanadi va sotuvchining buxgalteriyasi avtomatik yuritiladi.

To‘lov servislari ichidagi QR

Payme QR, Click QR, Beepul QR, Oson QR

Muayyan servis ekotizimi ichida yoki boshqa QR-tizimlar bilan integratsiya orqali to‘lov qabul qilish

Payme, Click, Uzum Bank, Alif va boshqa ilovalar xaridor tomonida xizmat ko‘rsatadi: foydalanuvchi TezQR, Xolis yoki UzQR kodini skanerlaganda, aynan ilova kartadan mablag‘ni yechadi va to‘lovni tasdiqlaydi. Shuning uchun bitta kassada bir nechta QR-yechim bemalol ishlashi mumkin. UzQRning asosiy xususiyati shundaki, uni istalgan bank yoki to‘lov ilovasi o‘qiy oladi.

1 iyuldan UzQR yo‘qligi savdo qoidalarini buzish hisoblanadi

Yuridik shaxs maqomiga ega har bir savdo nuqtasi va xizmat ko‘rsatish tashkiloti, mijozning talabiga asosan, yagona QR-kod orqali to‘lov qabul qilishi shart. Ulanish bepul: buning uchun bankka murojaat qilish, hisobraqam ochish va ariza topshirish kerak. UzQR orqali qabul qilingan mablag‘ bir ish kuni davomida sotuvchining hisobraqamiga o‘tkaziladi.

UzQR mavjud emasligi uchun qo‘llaniladigan aniq jarima miqdori hozircha keltirilmagan: farmonda savdo qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan va ushbu normani QR-kodlarga nisbatan qo‘llash amaliyoti endigina shakllanmoqda.

Tizimning oldindan bilish lozim bo‘lgan cheklovi ham bor: UzQR hozircha faqat Uzcard va Humo milliy to‘lov tizimlari kartalari bilan ishlaydi. Agar xaridorning kartasi Visa yoki Mastercard bo‘lsa, yagona QR orqali to‘lovni amalga oshirib bo‘lmaydi – terminal yoki boshqa yechimlar kerak bo‘ladi.

Sotuvchi 0,65% komissiya to‘laydi, xaridor-chi?

Norozilikning ikkinchi jabhasi komissiyalar bilan bog‘liq. Ijtimoiy tarmoqlarda sotuvchidan olinadigan 0,65 foiz komissiyadan tashqari, tizim ayrim holatlarda xaridordan ham yana 1 foiz olayotgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Markaziy bank izohiga ko‘ra, hozirda xaridordan 1 foiz komissiya undirilayotgan holatlarni bartaraf etish, ya’ni hech qaysi holatda xaridordan komissiya undirilmasligini ta’minlash choralari ko‘rilyapti.

Sotuvchi qancha to‘laydi. UzQR rasmiy tarifi – to‘lov summasining 0,65 foizi. Bu yagona narx emas, balki eng yuqori chegara hisoblanadi: banklar ekvayring shartlari bo‘yicha raqobat qilib, arzonroq taklif berish huquqiga ega. Masalan, Ipak Yuli Bank iyul oyi boshida 0,25 foiz stavkani e’lon qildi. Kodni ulash va chiqarish istalgan bankda bepul bo‘lgani uchun shartnoma imzolashdan oldin bir nechta bank takliflarini taqqoslash maqsadga muvofiq.

Komissiya qanday taqsimlanadi. Regulyatorning ma’lum qilishicha, 0,65% to‘lov zanjirining barcha ishtirokchilari orasida quyidagicha taqsimlanadi:

Kim oladi

To‘lovdan ulush

Nima uchun

Bank-ekvayyer

0,10%

Sotuvchiga QR-kod bergan va uning hisob raqamini yuritadi.

Tizim operatori (Munis, MB hisob-kitoblar kliring tizimi)

0,20%

Kliring, yagona koll-markaz, shaxsiy kabinetlar, onlayn-kassalar bilan integratsiya.

Uzcard, Humo

Birgalikda 0,15%

Milliy kartalar bo‘yicha to‘lovlarni qayta ishlash: Uzcard 0,075%, Humo 0,05% oladi, qolgan qismi karta emitenti bo‘lgan bankka qaytariladi.

To‘lovchi tomon

0,05 – 0,20%

Agar to‘lov to‘lov tashkiloti tashabbusi bilan bo‘lsa, xaridor banki 0,05 foiz, bankning o‘zi tashabbus ko‘rsatgan bo‘lsa 0,20 foiz oladi

Xaridor nima to‘laydi. Rasmiy tarifga ko‘ra — hech narsa: tizim qoidalarida to‘lovchi uchun komissiya ko‘zda tutilmagan. Unda 1,65% qayerdan paydo bo‘ldi? Tizim ishlay boshlagan dastlabki kunlarda ayrim banklar o‘z ilovalari orqali to‘lov qilinganda xaridordan qo‘shimcha 1% komissiya undirgan.

Qoidalarda bunday yig‘imlar to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlanmagan: ular faqat to‘lov tasdiqlanishidan oldin komissiya miqdorini to‘lovchiga ko‘rsatishni talab qiladi. MB xaridor tomonidagi komissiyalar masalasi tartibga solinayotganini ma’lum qildi. Masalan, Payme o‘z foydalanuvchilari uchun UzQR orqali komissiyasiz to‘lov joriy etilganini e’lon qildi. Shuning uchun to‘lov qilishdan oldin tasdiqlash ekraniga qarash lozim: komissiya to‘lovi muayyan ilovaga bog‘liq.

Bu bozor tariflariga qanchalik mos keladi. Shu vaqtgacha to‘lov servislarining QR-yechimlari merchantlar uchun aylanmaning 1–2 foiziga to‘g‘ri kelardi. Shu nuqtayi nazardan 0,65 foiz foydali ko‘rinadi. Tadbirkorlarning e’tirozi boshqa narsada: avvalgi servislar ixtiyoriy edi, UzQR esa majburiy. Bu savdo uchun yuqoridan belgilangan yangi doimiy xarajat hisoblanadi.

YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun alohida – maxsus QR-kod amal qiladi

2026 yil 1 yanvardan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda to‘lov tashkilotining raqamli platformasida shakllantirilgan maxsus QR-kod bo‘lishi shart. Uning yo‘qligi uchun Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq 5 mln so‘m, boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan QR-koddan foydalanganlik uchun esa 20 mln so‘m jarima belgilangan. Bu talab soliq organlari bilan integratsiya qilingan agregatorlar orqali yo‘lovchi tashiydigan va tovar yetkazib beradigan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.

Qonun rasman muayyan platformani ko‘rsatmaydi. Biroq PQ-247da unga qo‘yilgan talablar keng: platforma elektron hamyonlarni yuritishi, pul qabul qilishi va o‘tkazishi, to‘lov rekvizitlari va QR-kodlarni shakllantirishi, operatsiyalarni real vaqt rejimida fiskallashtirishi, soliqlarni avtomatik hisoblashi va to‘lashi, hisobotlarni shakllantirishi lozim. Bozorda bularning barchasini qamrab olgan yagona yechim – Paynet'ning Xolis platformasidir. PaymeQR, ClickQR yoki TezQR faqat to‘lov qabul qilishni ta’minlagani uchun muqobil hisoblanmaydi.

Paynet'dan boshqa ilova orqali to‘lov qabul qilish mumkinmi?

Xaridor Xolis kodi bo‘yicha istalgan ilova – Payme, Click yoki bank dasturlari orqali to‘lov qilishi mumkin. Biroq maxsus soliq rejimidagi yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘lovlarni faqat ushbu platforma orqali qabul qilishi mumkin va bozorda bunday platforma bitta. Talab amal qila boshlaganiga yarim yil bo‘lganiga qaramay, boshqa hech bir fintex kompaniyasi raqobatchi yechimni ishga tushirmagan.

Markirovkalangan tovarlar bilan savdo qiluvchilar uchun muhim izoh: Xolis kassa apparatining o‘rnini bosmaydi. Suv, salqin ichimliklar, yog‘ va raqamli majburiy markirovkaga ega boshqa mahsulotlarni u orqali sotish mumkin emas – bunday savdo uchun avvalgidek onlayn-kassa talab qilinadi.

Tadbirkor nima qilishi kerak

Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar. Bank orqali UzQR oling: ulanish bepul, hisobraqam va ariza kifoya. Bir nechta banklar tariflarini taqqoslang – stavkalar 0,25 foizdan 0,65 foizgacha. Kodni kassaga joylashtiring. Kartalar uchun terminal va naqd pul qabul qilish avvalgidek majburiyligicha qoladi.

Payme, Click, TezQR va boshqa servislardan foydalanuvchilar. Agar servislar sizga ma’qul bo‘lsa, hech narsani o‘chirmang. Ularni olib tashlash talabi hech qaysi normativ-huquqiy hujjatga asoslanmagan. Markaziy bank bunday bosim haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni tavsiya qilmoqda.

YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar. Raqamli platformadagi maxsus QR-kod aynan sizning nomingizga rasmiylashtirilganini tekshiring: u bo‘lmasa – 5 mln so‘m, boshqa shaxsning QR-kodidan foydalanilsa – 20 mln so‘m jarima qo‘llanadi. Agar markirovkalangan tovarlar bilan savdo qilsangiz, Xolis kassa apparati o‘rnini bosmaydi.

 

Мирзабек Аҳмедов
Muallif Мирзабек Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid