Jahon | 23:13 / 06.07.2026
1510
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukraina bilan urushni tugatmoqchi – Tramp

Prezident Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin Ukrainaga qarshi qariyb to‘rt yarim yildan beri davom etayotgan urushni tugatishni xohlayotganini yana bir bor ma’lum qildi.

Foto: CNBC

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Putin o‘z tomonidan «bosimni his qilmoqda» va Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuvi «odamlar o‘ylagandan ko‘ra ancha yaqinroq».

«U [Rossiya prezidenti] bunga chek qo‘ymoqchi, Ukraina ham bunga chek qo‘ymoqchi, biz muzokaralar olib boryapmiz va buni to‘xtata olamizmi, ko‘ramiz. Bu dahshatli», dedi Tramp jurnalistning Amerika yetakchisi bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Putin Kiyevga halokatli zarba bergani haqidagi savoliga javoban.

Keyin Tramp Rossiya prezidenti «bu urush tugashini xohlayotganini» takrorladi.

«Men sizga buni juda aniq aytaman. Biz [Putin bilan] yaxshi suhbatlashdik. [Prezident] Zelenskiy esa aslida urushning hoziroq tugashini xohlaydi», dedi Tramp.

Uning qo‘shimcha qilishicha, NATO yetakchilari shu hafta Anqarada bo‘lib o‘tadigan alyans sammitida Ukrainadagi urushni tugatishni muhokama qiladi.

«Biz NATO sammitiga boramiz, buni muhokama qilamiz va o‘ylaymanki, bu mojaroni tugatish mumkin bo‘ladi», dedi prezident.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Anqarada Zelenskiy bilan uchrashmoqchi, shundan so‘ng Putin bilan bog‘lanadi.

Amerika ma’muriyatining yuqori martabali amaldori nashrga ma’lum qilishicha, Tramp Ukraina urushini tugatishga «jiddiy ehtiyoj» sezmoqda, shuning uchun u Ukraina prezidenti bilan bunga qanday erishish mumkinligi haqida gaplashmoqchi. Bungacha, 4 iyul kuni AQSh tashkil topganining 250 yilligi munosabati bilan Tramp bilan suhbatdan so‘ng, Zelenskiy «urushni to‘xtatishning haqiqiy istiqboli» borligini va bu masala muhokamasi NATOning Anqaradagi sammitida davom etishini aytgan edi.

Kremlning ta’kidlashicha, Tramp Rossiya prezidenti bilan xuddi shu mavzuda telefon orqali suhbatda «harbiy harakatlarni tezroq to‘xtatish va inqirozni bartaraf etishning tinch yo‘llarini topishga ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqlagan».

Iyun oyi o‘rtalarida Tramp Eron bilan kelishuvga erishgandan so‘ng Ukraina va Rossiyaga «e’tibor qaratishini» aytgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid