Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Ukraina poytaxtiga hujum qildi
Rossiya qo‘shinlari 6 iyulga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, zarba beruvchi dronlar orqali ommaviy hujum uyushtirdi. Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgan, 24 nafardan ziyod fuqaro jarohatlangan.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lum qilishicha, hujumda bir vaqtning o‘zida ballistik va qanotli raketalar hamda kamikadze dronlar qo‘llangan.
Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning bildirishicha, hujum natijasida kamida yetti kishi halok bo‘lgan. Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko esa jabrlanganlar soni 24 nafarga yetganini, ulardan 14 nafari shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. Jarohatlanganlar orasida ikki nafar bola ham bor.
Hujum oqibatida Kiyevning bir nechta tumanida yong‘inlar kelib chiqqan va turar joy binolariga jiddiy zarar yetgan.
Jumladan, Podolsk tumanida ko‘p qavatli turar joy binosining bir qismi vayron bo‘lgan. Dastlab binoda 7–9-qavatlar orasida odamlar qamalib qolgani xabar qilindi. Keyinchalik qutqaruvchilar yong‘in chiqqan binodan 15 nafar fuqaroni evakuatsiya qildi. Yuqori qavatlardan uch nafar ayol va olti nafar bola xavfsiz joyga olib chiqilgan.
Shuningdek, Podolsk tumanida raketa va dron parchalari yana bir turar joy hamda garajlar hududiga tushgan.
Darnitskiy tumanida uchta nuqtada turar joy binolari shikastlangan. Goloseyevskiy tumanida esa besh qavatli uyda yong‘in chiqqan.
Hujum Kiyev viloyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnikning ma’lum qilishicha, Bucha tumanida bir kishi halok bo‘lgan. Yana o‘n nafar fuqaro jarohatlangan bo‘lib, ularning olti nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, Bucha, Vishgorod va Brovari tumanlarida xususiy uylar, korxonalar hamda fuqarolik infratuzilmasi obektlariga zarar yetgan. Hodisa joylarida qutqaruv va tezkor xizmatlar ish olib bormoqda.
6 iyulga o‘tar kechasi Odessa shahri ham hujumga uchradi. Viloyat harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, hujum natijasida 23 yoshli yigit jarohat olgan. Shuningdek, xususiy uylarga zarar yetgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hujumdan bir kun avval razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya yaqin kunlarda mamlakatga nisbatan ommaviy raketa va dron hujumi tayyorlayotgani haqida ogohlantirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hujum AQSh Mustaqillik kunidan so‘ng va 7–8 iyul kunlari Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti arafasida amalga oshirilgan. Zelenskiy xalqaro hamkorlarni Ukraina havo mudofaasi uchun raketalar yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirgan.
Mavzuga oid
12:11
Ukrainada saylov masalasi zimdan muhokama qilinmoqda. Zelenskiy yaqqol favorit emas
10:15
Britaniya davlat xizmatchilari akkauntlari hakerlik hujumiga uchradi
09:50
Rossiya tinchlik muzokaralarini kechiktirishi mumkin - FT
20:40 / 05.07.2026