Jamiyat | 09:05
996
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 1,27 mln gektar yangi o‘rmon barpo etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 2026–2030 yillarda cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish doirasida 1,27 million gektar maydonda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan takliflar muhokamasida ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanish O‘zbekiston hamda butun Markaziy Osiyo uchun dolzarb ekologik muammolardan biri ekani ta’kidlandi. Mamlakat hududining qariyb 80 foizi cho‘l va yarim cho‘llardan iborat bo‘lib, ayniqsa Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Navoiy, Xorazm, shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatining ayrim hududlarida bu jarayon kuchayib bormoqda.

2026–2030 yillarga mo‘ljallangan rejaga ko‘ra, 1,27 million gektarda yangi o‘rmonlar barpo etish va mavjud o‘rmonzorlarni qayta tiklash, shuningdek, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlari yaratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar yashil qoplama barpo etish, Sirdaryo viloyati chegara hududlarida 84 kilometrlik «yashil devor» tashkil qilish hamda degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish taklif etildi.

Prezident cho‘l hududlarini faqat ekologik muammo sifatida emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda «cho‘l iqtisodiyoti»ni rivojlantirish, galofit o‘simliklar yetishtirish, cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, yaylovlar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda cho‘l o‘simliklari ko‘chatxonalarini tashkil etish, Orol dengizining qurigan tubida ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazish, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar va urug‘lar bo‘yicha mintaqaviy bank yaratish hamda xalqaro moliya institutlari va xususiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, cho‘llanishga qarshi kurashish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid