Toşkent şahrining 12 ta tumani uçun alohida boş rejalar işlab çiqiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Şavkat Umrzoqov «Özbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Çorşanba kuni prezident Şavkat Mirziyoyevga Toşkentning 2045 yilgaça bölgan boş rejasi loyihasi taqdim etildi. Unda Toşkent şahri hududi 3 ta zonaga ajratiladi: konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya. Bunda ekologik muammolar, «uydan savdo va xizmat körsatiş obektlariga 15 daqiqada yetib oliş» tamoyili hamda Toşkent viloyati tumanlarini poytaxt bilan yagona aglomeratsiya sifatida rivojlantiriş hisobga olingan.

Hokimning sözlariga köra, Quriliş va uy-joy kommunal xöjaligi vazirligi qoşida işçi guruh ikki yil davomida Singapur, Angliya, Xitoy va Yevropa davlatlaridan mutaxassislarni jalb qilgan holda boş reja loyihasini işlab çiqqan.

«Taqdimot yakunida prezident kerakli qöşimçalar kiritiş zarurligini ta’kidladi. Boş reja tasdiqlangandan keyin barça rejalaştirilgan işlarning qoidalari aniq belgilanadi. Prezident har bir tumanning şahar ehtiyojlaridan kelib çiqib, boş rejalar işlab çiqişni ham taklif qildi. Boş rejada hududning bugungi qiyofasi, şuningdek, bir yil, beş yil va ön yillikdagi qiyofasi qanday körinişda bölişi aks ettiriladi, çunki bizning boş rejamiz 2045 yilgaça bölgan muddatga işlab çiqilgan», — dedi poytaxt hokimligi rahbari.

Şavkat Umurzoqov boş reja bilan tasdiqlanadigan qoidalarga rioya qiliş uçun kerakli mutaxassislarni tayyorlaş zarurligini ta’kidladi.

«Bugun Toşkent şahrida işlayotgan arxitektorlar, loyihaçilar hokimlar xorijiy tajribani örganiş, kerak bölsa arxitektorlarimiz borib tajribani örganib kelişi haqida topşiriq berdilar. Uzoq muddatli mutaxassislarni tayyorlaş uçun Toşkent şahar hokimligi qoşida Quriliş vazirligi bilan birgalikda Toşkent şahar Şaharsozlik institutini yaratiş tavsiya etiladi, men öylayman, bu katta mutaxassislarni tarbiyalaş uçun imkoniyat beradi», — dedi u.

Hokim şahardagi tirbandlik muammosiga ham töxtalib ötdi. Prezident topşiriğiga köra, Transport vazirligi va şahar hokimligi bilan birgalikda Toşkent şahar yöllarini boşqariş departamenti taşkil qilinmoqda.