Jahon | 15:08
2647
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eron bilan tuzilgan muvaqqat kelishuv «tugadi»

AQSh Prezidenti Donald Tramp Fors ko‘rfazida sodir bo‘lgan navbatdagi zarbalar almashinuvidan keyin Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha erishilgan muvaqqat kelishuv «tugagani» aytdi.

Foto: Reuters

Turkiyadagi NATO sammiti oldidan jurnalistlar Trampga o‘tgan oyda erishilgan AQSh-Eron anglashuv memorandumi nihoyasiga yetdimi, deb savol berdi:

«Bu juda qiziq savol. Menimcha, hammasi tugadi. Ular bilan ish ko‘rishni xohlamayman».

Anqarada jurnalistlarga gapirar ekan, u: «Ular — razillar. Ular — kasal odamlar. Ularga kasal odamlar rahbarlik qilmoqda.

Mening fikrimcha, ular bilan shug‘ullanish shunchaki vaqtni behuda sarflashdir. Ular — yolg‘onchilar. Biz kelishuv tuzamiz, hamma rozi bo‘ladi, yadro quroli bo‘lmaydi deb kelishiladi. Biz kelishuv tuzamiz, ular esa ko‘chaga chiqib, matbuotga bu haqda hatto gaplashmaganmiz ham, deb aytishadi. Ularning miyasida nimadir joyida emas. Ular aqldan ozgan (telba). Men uchun hammasi tugadi», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda Reuters nashri.

«Ular gapiraverishi mumkin, lekin baribir vaqtlarini bekorga ketkazishyapti, deb o‘ylayman», dedi AQSh yetakchisi.

Eron: sulhning ba’zi qismlari «samarasiz»

Ko‘rfazdagi hujumlardan so‘ng Eron Tashqi ishlar vazirligi ham bayonot e’lon qilib, Tehronning neft sotish litsenziyasini bekor qilishi va AQShning yangi harbiy zarbalari — amaldagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining ayrim qismlarini «samarasiz» qilib qo‘yganini bildirdi.

Eronning ta’kidlashicha, AQShning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishni ta’minlash bo‘yicha Tehron tartib-qoidalariga aralashishi muvaqqat sulh bitimini amalga oshirib bo‘lmaydigan holatga keltirmoqda.

Eron bayonotida, shuningdek, mintaqadagi davlatlar o‘z hududlaridan AQShning Eronga qarshi yangi hujumlari uchun foydalanishga ruxsat bermasligi kerakligi haqida ogohlantirilgan.

Ko‘rfazda harbiy harakatlarning keskinlashishi neft narxini so‘nggi ikki haftalik eng yuqori darajaga ko‘tardi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tankerlarga qilingan hujumlarga javoban 8 iyunga o‘tar kechasi AQSh kuchlari Eron nishonlariga zarba berdi. Shundan so‘ng Eron ham AQShning Bahrayn va Quvaytdagi harbiy obektlarini nishonga olganini ma’lum qildi.

Ushbu hujumlar o‘tgan oyda erishilgan dastlabki kelishuvni doimiy tinchlik bitimiga aylantirish borasidagi urinishlarga yanada putur yetkazdi. Urush joriy yil 28 fevralida AQSh va Isroilning Eronga bergan havo zarbalari bilan boshlangan edi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid