O‘zbekiston | 09:55
389
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat axborot tizimlarida Open API tamoyili joriy etiladi

O‘zbekistonda davlat axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini soddalashtirish va davlat xizmatlarini yanada raqamlashtirish maqsadida Open API tamoyili joriy etiladi. Bu “Raqamli hukumat” tizimini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarorida belgilandi.

Prezidentning 2026 yil 8 iyuldagi PQ–257-sonli “Raqamli hukumat” tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani joriy etishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, 2028 yil yakuniga qadar davlat organlarining kamida 5 mingta ma’muriy funksiyasini raqamlashtirish, shuningdek, davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamida 30 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma “Raqamli hukumat” tizimining asosiy texnologik elementi bo‘lib, davlat axborot tizimlarini yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashda yagona arxitektura, standartlar hamda texnologik yondashuvlarni joriy etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qayta foydalaniladigan raqamli komponentlar va servislardan foydalanish orqali davlat axborot tizimlarini yaratish jarayonini tezlashtirish, standartlashtirish va xarajatlarni kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan davlat organlari ichki hujjat aylanmasi, qarorlarni qabul qilish va kelishish, shuningdek davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini platforma va uning raqamli komponentlari orqali elektron shaklda amalga oshiradi.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yengillashtirish maqsadida Open API tamoyili joriy etiladi. Bu turli davlat axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasini soddalashtirish, ma’lumotlar almashinuvini tezlashtirish hamda raqamli davlat xizmatlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid