Jahon | 11:50
980
4 daqiqa o‘qiladi

Der Spiegel: Xitoy Rossiya bilan harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirgan

The Insider, Der Spiegel va Le Monde nashrlari o‘tkazgan qo‘shma jurnalistik surishtiruvga ko‘ra, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik avval ma’lum bo‘lganidan ancha keng ko‘lamli ekani aniqlangan. Nashrlar maxfiy hujjatlarga tayanib, Pekin Moskvaga sun’iy intellekt, havo mudofaasi va boshqa harbiy texnologiyalarni taqdim etishni taklif qilganini ma’lum qildi.

Foto: AP

Jurnalistlar qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, Xitoy Rossiyaga jangovar dronlar (loitering munitions), havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlari hamda sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalarni taqdim etishni taklif qilgan.

Surishtiruv mualliflarining ta’kidlashicha, Pekin bu texnologiyalarni Rossiya Ukrainadagi haqiqiy jangovar sharoitlarda sinovdan o‘tkazishi va natijalar bilan Xitoy tomonini tanishtirishini istagan.

Bundan tashqari, hujjatlarda Xitoy Rossiyani Ilon Maskning Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimiga qarshi kurash dasturiga jalb qilgani ham qayd etilgan. Unda huquqiy va diplomatik bosim o‘tkazish, shuningdek, sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi choralar ishlab chiqish masalalari muhokama qilingani aytilmoqda.

Hamkorlik beshta asosiy yo‘nalishni qamrab olgan

Surishtiruv davomida o‘rganilgan materiallar orasida 2023 yil noyabr oyida Guanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya—Xitoy harbiy-texnik hamkorlik forumi taqdimotlari hamda 2023 yil 5 iyunda Moskvada imzolangan ikki tomonlama ishchi bayonnomasi ham bor.

Hujjatlarda quyidagi besh yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik nazarda tutilgan:

  • kosmik qurollar va sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi tizimlar;

  • integratsiyalashgan havo va raketaga qarshi mudofaa majmualari;

  • avtonom jangovar dronlar;

  • yangi avlod zirhli harbiy texnikalari;

  • harbiy aviatsiya texnologiyalari.

Yangi avlod havo mudofaasi tizimi muhokama qilingan

Hujjatlarga ko‘ra, Xitoy va Rossiya yangi avlod havo va raketaga qarshi mudofaa tizimini ishlab chiqishni ham muhokama qilgan.

Loyihada o‘rta masofali ballistik raketalarni 4 ming kilometrgacha bo‘lgan masofada aniqlash va yo‘q qilish imkoniyatiga ega tizim yaratish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, u gipertovushli raketalarni 40 kilometr balandlikda ham ushlab qolishi lozimligi qayd etilgan.

Nashrlar fikricha, bu talablar hozirgi havo mudofaasi tizimlariga nisbatan ancha yuqori texnik imkoniyatlarni nazarda tutadi.

Starlinkʼga qarshi qo‘shma choralar taklif qilingan

Hujjatlarda Starlink tarmog‘iga qarshi kurashish uchun xalqaro koalitsiya tuzish, uning faoliyatini huquqiy cheklashga erishish va sun’iy yo‘ldoshlar uchun zarur bo‘lgan chastota hamda orbital pozitsiyalarga qo‘shma arizalar berish taklif qilingan.

Shuningdek, surishtiruvda aytilishicha, kiberusullardan foydalanib Starlink tarmog‘iga zarar yetkazish imkoniyatlari ham muhokama qilingan.

Rossiya jangovar tajribasi bilan, Xitoy esa texnologiyalar bilan bo‘lishishi rejalashtirilgan

Materiallarga ko‘ra, Rossiya Ukrainada qo‘llanayotgan dronlar haqidagi jangovar ma’lumotlarni muntazam ravishda Xitoyga taqdim etishi, Pekin esa buning evaziga sun’iy intellekt texnologiyalari, mikrosxemalar, elektronika va ommaviy ishlab chiqarish imkoniyatlarini taqdim etishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, aviatsiya sohasida qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish, intellektual mulkdan birgalikda foydalanish va texnologiyalar transferini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Germaniya Xitoyni tanqid qildi

Surishtiruv e’lon qilingach, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Pekinni keskin tanqid qildi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga har qanday yordam Yevropa xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

«Xitoy bu Yevropa xavfsizlik manfaatlarining eng muhim masalalaridan biri ekanini anglashi kerak. Rossiyaning urushini qo‘llab-quvvatlash mojaroni yanada cho‘zadi va yangi azob-uqubatlarga sabab bo‘ladi», — dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri.

U, shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlariga Xitoy tomonidan ko‘rsatilayotgan ehtimoliy keng ko‘lamli yordam haqidagi ma’lumotlar jiddiy tashvish uyg‘otayotganini ta’kidladi.

Izoh: Maqolada keltirilgan ma’lumotlar The Insider, Der Spiegel va Le Monde nashrlarining qo‘shma jurnalistik surishtiruviga asoslangan. Rossiya va Xitoy rasmiylari ushbu da’volar yuzasidan munosabat bildirmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid