Ta’lim | 18:28
455
2 daqiqa o‘qiladi

Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi

Oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi beriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini keng joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, qator oliygohlarda xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ular asosan ikki oliygoh o‘rtasida tashkil etilib, talabalarning ta’lim yo‘nalishini erkin tanlash imkoniyati cheklangan. Xalqaro amaliyotda esa integratsiyalashgan dasturlar talabaga o‘qish davomida bir nechta universitetda ta’lim olish, turli mamlakatlar akademik muhiti va ta’lim standartlaridan foydalanish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi. Oliy maktabda ta’lim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi beriladi.

Shuningdek, oliy maktab va hamkor ta’lim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha bo‘lgan ta’lim dasturlarini joriy qilish, rahbar kadrlar uchun strategik fikrlash, liderlik, raqamli boshqaruv, qaror qabul qilish va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid