Jahon | 15:45
5542
3 daqiqa o‘qiladi

Putin urushni davom ettirmoqchi

U Donbass masalasida hech qanday yon bermoqchi emas va rossiyalik harbiylar tez orada bu hududni egallab olishiga uning ishonchi komil.

Foto: Sergey Bulkin / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

RF prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan tinchlik muzokaralari bo‘yicha takliflarni rad etmoqda va katta ehtimol bilan eskalatsiya yo‘lini tutadi. Bu haqda Reuters Kremlga yaqin bo‘lgan uchta manbaga tayanib xabar berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari bo‘ylab zarbalari kuchayishi Putinning harbiy harakatlarni davom ettirishga bo‘lgan qat’iyatini yanada mustahkamlagan. RF prezidenti bilan tez-tez uchrashib turadigan manba yaqin oylarda eskalatsiya yuzaga kelishi «ehtimoli yuqori»ligini aytgan. U bu qanday ko‘rinishda bo‘lishiga aniqlik kiritmadi.

Manbalardan biri Rossiya prezidenti Donetsk oblastining qolgan qismini bosib olish masalasida «murosasiz pozitsiyani egallagani»ni, yaqinda frontning hozirgi chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish asosida murosa yo‘lini izlashni taklif etgan maslahatchilar guruhini tanqid qilgan. Reuters nashrining boshqa suhbatdoshi qayd etishicha, rossiyalik harbiylar tez orada Donbassni egallab olishiga Putinning «ishonchi komil».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Reuters so‘roviga javoban shunday degan: «Rossiya mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga tayyor, ammo mustaqil harakat qilish va maxsus harbiy amaliyotni davom ettirish uchun yetarli salohiyatga ega».

Yaqinda Putin ochiqchasiga Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari tufayli mamlakatda benzin taqchilligi (bu mamlakat fuqarolarining uchdan bir qismiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi) uning urush olib borish rejalariga ta’sir qilmasligi haqida gapirgandi. Rossiya prezidenti Kiyev «har ikki tomon ichkari hududlarga zarba berishni to‘xtatish» bo‘yicha taklif bergani, ammo bu taklifni rad etganini aytgan. «Axir Rossiyaning uzoq masofali zarbalari ancha kuchli, sezgir va to‘g‘risini aytganda, vayronkor», – degan u.

8 iyul kuni Putin Ukraina o‘z hujumlari bilan «jamiyatda asabiy vaziyat» yaratishga urinayotganini aytdi va bunga erisha olmasligiga ishonch bildirdi: «Rossiya energiya tizimining mustahkamlik zaxirasi juda yuqori – dunyodagi eng yuqorilaridan biri».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid