Texnologiya | 10:10
808
2 daqiqa o‘qiladi

Jahonning eng kuchli yosh dasturchilari O‘zbekistonda jamlanadi

O‘zbekiston tarixda birinchi marta maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi eng nufuzli dasturlash musobaqalaridan biri - Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2026)ga mezbonlik qiladi. 9–16 avgust kunlari Toshkentda o‘tadigan olimpiadada 97 mamlakatdan 386 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etadi.

Foto: Illyustrativ surat / SI

Joriy yilning 9–16 avgust kunlari Toshkent shahridagi CAEx ko‘rgazmalar markazida 38-Xalqaro informatika olimpiadasi — IOI 2026 bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli intellektual musobaqaga O‘zbekiston ilk bor mezbonlik qilayotgani mamlakat ta’lim tizimi va axborot texnologiyalari sohasidagi muhim voqealardan biri sifatida baholanmoqda.

Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi eng nufuzli dasturlash musobaqalaridan biri bo‘lib, unda dunyoning eng iqtidorli yosh dasturchilari o‘zaro bellashadi. Olimpiada texnologik kompaniyalar va yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun iqtidorli yoshlarni kashf etish maydoni sifatida ham e’tirof etiladi.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, IOI 2026 tarixida ishtirokchi mamlakatlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatildi. Olimpiadada 97 mamlakatdan 386 nafar o‘quvchi qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

O‘zbekiston terma jamoasi ham musobaqada yuqori natijalar qayd etishni maqsad qilgan. Mamlakat terma jamoasi 2025 yili Boliviyada o‘tkazilgan Xalqaro informatika olimpiadasidan kumush va bronza medallari bilan qaytgan edi.

IOI 2026 musobaqasi 9–16 avgust kunlari CAEx ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tadi. Olimpiada haqida batafsil ma’lumotni ioi2026.uz rasmiy veb-sayti orqali olish mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid