Jahon | 09:13
1909
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva ilk marta yoqilg‘i inqirozining haqiqiy sababini ochiqladi

Rossiya hukumati birinchi marta mamlakatda kuzatilayotgan yonilg‘i tanqisligi Ukraina tomonidan neftni qayta ishlash zavodlari (NQZ)ga uyushtirilgan dron hujumlari oqibati ekanini tan oldi. Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novakning aytishicha, ayrim zavodlarning qisman ishdan chiqishi benzin va dizel ta’minotida uzilishlarga hamda ayrim hududlarda navbatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Foto: Anatoliy Jdanov, Kommersant’

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 10 iyul kuni jurnalistlar bilan muloqotda mamlakatda yonilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ochiq tan oldi.

«Biz muammolar borligini va tanqislik mavjudligini tan olishimiz kerak. Ana shu tanqislik tufayli ayrim joylarda navbatlarni kuzatyapmiz», — dedi u.

Novakning ta’kidlashicha, bu holatning asosiy sababi neftni qayta ishlash zavodlarining Ukraina dronlari hujumlari natijasida qisman ishdan chiqqani hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlab chiqarish hajmining pasayishiga va ichki bozorda yonilg‘i yetishmovchiligiga olib kelgan.

Bunga qadar Rossiya federal hukumati mamlakatdagi yoqilg‘i tanqisligini NQZga qilingan hujumlar bilan ochiq bog‘lashdan tiyilib kelgan edi. Masalan, 8 iyul kuni prezident Vladimir Putin ishtirokida o‘tgan hukumat yig‘ilishida Novak faqat Ukraina qurolli kuchlari hujumlari oqibatida benzin va dizel ishlab chiqarish hajmi qisqarganini qayd etgan, ammo tanqislik haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirmagan.

Yonilg‘i inqirozini yumshatish maqsadida Rossiya hukumati bir qator cheklov choralarini ham joriy qildi. Xususan, mamlakatdan benzin va dizel yonilg‘isini eksport qilish vaqtincha taqiqlandi. Rasmiylar bu orqali ichki bozorni yonilg‘i bilan ta’minlashni barqarorlashtirishga harakat qilmoqda.

Financial Times nashri baholashicha, Rossiyadagi yonilg‘i tanqisligi mamlakatning taxminan 50 million aholisiga, ya’ni umumiy aholining qariyb 35 foiziga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa muammoning mahalliy emas, balki keng ko‘lamli tus olganini ko‘rsatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid