Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Angliya Norvegiyani turnirdan chiqarib yubordi
Skandinavlarda qo‘shimcha bo‘limlarda kuch qolmadi.
Norvegiya – Angliya 2:2
Gollar: Shelderup, 36 (1:0). Bellinhem, 45+2 (1:1). Bellinhem, 93 (1:2)
Norvegiya: Nyulan, Ayyer, Heggem (Estigor, 91), Volfe (Pedersen, 90), Ryuerson (Eursnes, 60), Berge, Berg, Edegor, Shelderup (Bobb, 68), Syorlot (Nusa, 68), Holand (Strann Larsen, 106)
Angliya: Pikford, Stouns, Geyi, O`Rayli (Spens, 86), Konsa (Rojyers, 89), Rays (Eze, 46), Anderson, Bellinhem (Byorn, 111), Gordon (Jyeyms, 71), Madueke (Saka, 46), Keyn
Ogohlantirish: Ayyer, 117
Angliya va Norvegiya – bir biriga yaqin bo‘lgan mamlakatlar hisoblanadi. Geografik va madaniy tomondan ham, futbol borasida ham. Bunday bog‘liqlikni ko‘rish uchun skandinavlar jamoasi tarkibiga qarash yetarli, Angliyaga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushgan 11 futbolchidan olti nafari, jumladan, jamoaning asosiy yulduzlari – Erling Holand va Martin Edegor APLda to‘p suradi.
Ushbu ikkisini futbol olamidagilar anchadan buyon yaxshi taniydi, norveglar jamoasining bu turnirdagi o‘yinlari esa ko‘pchilik uchun yangilik bo‘ldi. Stole Solbakken shogirdlari 1/8 finalda Braziliyani haqli ravishda mag‘lub etdi va gap o‘sha o‘yinda Holand dubl qayd etganida ham emas – norveglar raqibdan yaxshiroq o‘ynadi va o‘z vaziyatlaridan foydalandi.
Angliya esa turnir davomida barcha o‘yinlarda ham o‘z darajasida o‘ynay olmadi. Pley-offda Kongo DR va Meksikaga qarshi kechgan o‘yinlarda «Uch sherlar» ko‘p holatlarda konsentratsiyani yo‘qotdi va turnirni tark etish xavfi ostida qoldi. Faqat futbolchilarning individual mahorati evaziga britanlar nisbatan osonroq raqiblarni taslim eta oldi. Norvegiya esa xatolardan foydalanadigan va o‘zi kam xato qiladigan, boshqa darajadagi raqib edi.
O‘yinning birinchi bo‘limining katta qismida ikki jamoa ham ehtiyotkorlik bilan o‘ynashga qaror qildi. Norveglar to‘pni inglizlarga topshirishdi va 4-5-1 sxemasida joylashib, to‘p uzatish mumkin bo‘lgan barcha yo‘laklarni yopishdi. Angliya esa to‘pga va hududlarga egalik qildi, lekin Nyuland qo‘riqlayotgan darvoza tomon yaqinlasha olmadi – inglizlar to‘pni u qanotdan bu qanotga oshirib, Madueke va Gordonning driblinglariga hamda olisdan yo‘llanadigan zarbalarga tayandi. Ammo bu ish bermadi.
Shu tufayli 35-daqiqagacha muxlislar zerikib qolishdi: ikki jamoa atigi bitta zarba berdi va yaqqol golli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Jamoadoshlari Holand va Keynga to‘pni yetkazib bera olishmadi.
Ammo bu kabi o‘yinlarda ko‘p kuzatilganidek, bitta epizod barchasini o‘zgartirib yubordi. 36-daqiqada Harri Keyn himoyadan chiqishda to‘pni oldirdi, to‘pga ega chiqqan Edegor oldinga yurdi va chap qanotda o‘zini taklif etgan Shelderupni pas bilan ta’minladi, yosh vinger esa jarima maydoniga kirib borib, kuchli zarba yo‘llab, turnirning eng chiroyli gollaridan biriga mualliflik qildi.
Inglizlar hujum boshlanish vaqtida Berg tomonidan Keynga fol ishlatilganiga ishora qilishdi, ammo videotakrorda norvegiyaliklar futbolchisi to‘pga o‘ynagani oydinlashdi.
Bo‘limning qolgan daqiqalarida skandinavlar ikki bor ikkinchi golni urishga yaqin kelishdi. Avvaliga Pikford Edegorning olis masofadan yo‘llagan xavfli zarbasini bartaraf etdi, keyin esa Syorlot yaqqol golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi.

U jarima maydoniga kirib kelgan Holandga to‘p uzatishi mumkin edi, ammo o‘zi zarba berishga qaror qildi va to‘pni darvozabonga topshirdi.

«Sen urmasang, senga urishadi» qoidasi darhol ishga tushdi va norvegiyaliklar tanaffusga hisobdagi ustunlik bilan yo‘l ololmadi. Nyuland oldingi chiziqqa yetkazib bergan to‘pni inglizlar egallab oldi va boshlangan tezkor qarshi hujumni Jud Bellinghem turnirdagi beshinchi golini urish bilan yakunladi.
Ikkinchi bo‘lim birinchisiga qaraganda shiddatli kechdi: Norvegiya o‘ziga ishonch bilan harakat qildi va ketma-ket hujumlar uyushtirdi, Angliya esa hisobdan kelib chiqib, xotirjamlik bilan harakat qildi.
Syorlotning bosh bilan yo‘llagan zarbasi yaqin «to‘qqizlik»ka kirib ketishiga bir baxya qoldi, Holandning pastki burchakka yo‘llagan zarbasidan keyin Pikforddan o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, 57-daqiqada esa skandinavlar baribir darvozani ishg‘ol etishdi.

Ammo Kleman Tyurpen videotakrordan keyin Heggem urgan golni bekor qildi – yangi qoidalar ishga tushib, vaziyat VAT tomonidan ko‘rib chiqildi, videotakror burchak zarbasi ijro etilishidan oldin Holand Andersonga fol ishlatganini ko‘rsatdi va hakam burchak zarbasini qaytadan ijro etish kerakligini ko‘rsatdi.
Shundan keyin Solbakken hujum qanotlarini yangila, Syorlot va Shelderup o‘rniga Bobb va Nusani tushirdi, ular muntazam ravishda inglizlarning qanot himoyachilarini tahlika ostida ushlab turishdi. Angliyada ham zaxiradan tushirilganlar o‘yinni kuchaytirishdi, Saka bir necha bor qanotdan reyd uyushtirib, xavfli vaziyatlar yuzaga keltirdi.
Ammo asosiy vaqt yakuniga qadar hisob o‘zgarmay qoldi va barchasi qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlanadigan bo‘ldi. Qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisi boshlanishi bilanoq Angliyaning zaxira imkoniyatlari o‘z so‘zini aytdi. Rodjyers 92-daqiqada o‘z odatiga ko‘ra jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi, Nyuland esa to‘pni ushlab qola olmadi va barchadan ildamroq harakat qilgan Bellinghem darvozani ishg‘ol etdi. Bu uning turnirdagi oltinchi goli bo‘ldi va u endi Messi, Mbappe (8 tadan), Holand (7) va Harri Keyn (6) kabi to‘purarlar poygasida.
5 daqiqa o‘tib esa Spens chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirib, penalti ishladi. Ammo yana VAR vaziyatga aralashdi va penalti bekor qilindi: bu vaziyatda inglizlar himoyachisi qasddan penalti ishlash uchun harakat qilgan deb topildi.
Birinchi qo‘shimcha bo‘limdan keyin Solbakken Holandni o‘yindan olib tashladi, Erlingda o‘yinni davom ettirish uchun kuch qolmagani ko‘rinib turardi. O‘z yetakchisisiz qolgan norveglar esa qolgan daqiqalarda hech narsani o‘zgartira olmadi. Faqat Nyulandning bir hujumning o‘zida ikkita zarbani qaytarishi o‘yin oxirigacha intriga saqlanib turishini ta’minladi.
Norvegiya jahon chempionatini mardonavor tark etdi, Angliya esa uzoq kutilgan chempionlik uchun yurishini davom ettiradi.
Mavzuga oid
12:24
JChda yana bir noyob holat ro‘y berdi: norveglar Angliyaning goli nohaq urilganini aytmoqda
14:50 / 11.07.2026
JCh anonsi. Holand Keynga qarshi, Argentinada ilk jiddiy raqib
21:10 / 09.07.2026
Tungi futbol tomoshasi vazn ortishiga olib kelishi mumkin - tadqiqot
10:18 / 08.07.2026