O‘zbekiston | 11:13
4093
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Bekobodga elektropoyezdda bordi

Toshkent va Bekobod o‘rtasida zamonaviy elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yangi temiryo‘l yo‘nalishi kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Bekobod shahriga yangi elektropoyezdda tashrif buyurdi. Bekobod temiryo‘l vokzalida davlat rahbariga mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va yangi transport xizmati haqida axborot berildi.

Mazkur loyiha prezidentning 2025 yil 27 dekabrda qabul qilingan «2030 yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Uzunligi 192 kilometr bo‘lgan «Toshkent – Bekobod» temiryo‘l yo‘nalishida olti vagondan iborat zamonaviy elektropoyezd harakatlanadi. Poyezd 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanish imkoniyatiga ega.

Yangi qatnov, ayniqsa, har kuni ish va o‘qish maqsadida Toshkent hamda Bekobod o‘rtasida qatnaydigan fuqarolar uchun transport xizmatlarini ancha yengillashtirishi kutilmoqda.

Elektropoyezd zamonaviy talablar asosida jihozlangan. Vagonlarda konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari, Wi-Fi tarmog‘i, elektron axborot tablolari va videokuzatuv tizimlari o‘rnatilgan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar hamda velosipedlar uchun alohida joylar tashkil etilgan.

Ta’kidlanishicha, yangi elektropoyezdning yo‘lga qo‘yilishi avtomobil yo‘llaridagi transport yuklamasini kamaytirish, ekologik toza transport turlari ulushini oshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Tashrif chog‘ida prezident temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, temiryo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish va vokzallar hamda ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Shuningdek, vokzal infratuzilmasini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish sifati va yo‘lovchilar harakatini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid