Jamiyat | 11:15
1636
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarni qo‘rqitib pul olgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida tadbirkorlarni Soliq ilovasi orqali shikoyat qilish bilan qo‘rqitib, ulardan pul talab qilib kelgan shaxslar fosh etildi. Ularga nisbatan tovlamachilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Beruniy tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar D.A. va A.Yu. ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchilar fuqaro M.X.ga tegishli U.Z. oilaviy korxonasi savdo do‘konida chek berilmaganligi yuzasidan Soliq mobil ilovasi orqali murojaat qilmaslik evaziga 3 million so‘m talab qilib, ushbu mablag‘ni olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Tezkor tadbirlar davomida D.A.ning tumanda faoliyat yuritayotgan yana uch nafar tadbirkordan ham chek bermaganlik holatlari bo‘yicha Soliq ilovasiga murojaat qilmaslikni va’da qilib, turli miqdorda pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olib kelgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid