Jamiyat | 10:34
2146
2 daqiqa o‘qiladi

Kuchli issiqda ishlovchilar qanday huquqlarga ega?

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, kuchli issiq sharoitida mehnat qilayotgan ayrim toifadagi xodimlarga ish kuni davomida qo‘shimcha tanaffuslar berilishi mumkin. Shuningdek, ish beruvchilar dam olish uchun qulay sharoit yaratishi va zarur hollarda xodimlarni masofaviy ishga o‘tkazishi mumkin.

Foto: Shutterstock

Qonunchilikka muvofiq, may oyidan avgust oyigacha bo‘lgan davrda havo harorati 43 daraja va undan yuqori bo‘lsa, kuchli issiq hisoblanadi. Janubiy va cho‘l hududlarida esa bu ko‘rsatkich 46 daraja va undan yuqori haroratni tashkil etadi.

Bunday sharoitda ochiq havoda yoki sovitilmaydigan hamda isitilmaydigan yopiq xonalarda ishlaydigan xodimlar, shuningdek, yuk ortish-tushirish ishlarida band bo‘lgan shaxslarga ish kuni davomida qo‘shimcha tanaffuslar berilishi mumkin.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi xodimlar uchun isitish yoki sovitish uskunalari bilan jihozlangan, dam olishga yaroqli xonalarni ta’minlashi shart.

Shu bilan birga, mehnat sharoitidan kelib chiqib, ish beruvchi qonunchilikda belgilangan tartibda xodimlarni masofaviy ish shakliga o‘tkazishi ham mumkin.

Mutaxassislar esa anomal issiq kunlarda zarurat bo‘lmasa kunning eng issiq vaqtlarida tashqariga chiqmaslik, ochiq havoda uzoq vaqt qolmaslik va organizmda suv tanqisligi yuzaga kelmasligi uchun ko‘proq suyuqlik iste’mol qilishni tavsiya etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid