O‘zbekiston | 09:57
1275
1 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Saidov Turkmaniston prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ashxobodga tashrifi doirasida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashdi. Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va ko‘p asrlik do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Baxtiyor Saidov / Telegram

«Dunyo» axborot agentligi xabar qilishicha, uchrashuvda Baxtiyor Saidov Turkmaniston prezidentiga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

Tashqi ishlar vaziri o‘zining Telegram-kanalida bildirishicha, muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani alohida qayd etilgan.

Tomonlar barcha darajalardagi yaqin va samarali muloqotlar davom etayotgani, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atlarda o‘sib borayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, mavjud hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid