Jamiyat | 09:54
545
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat xizmatlari tizimi yanada soddalashtiriladi

Prezidentning yangi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilib, fuqarolar uchun bir qator yangi qulayliklar yaratiladi. Hujjatda ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, notarial xizmatlar, shaxsiy ma’lumotlarni yangilash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va reklama sohasini tartibga solishga oid muhim o‘zgarishlar belgilangan.

Foto: president.uz

Prezidentning «Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat davlat xizmatlarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va raqamli xizmatlarni kengaytirishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq, 2027 yil 1 yanvardan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi takomillashtiriladi. Shuningdek, ayrim holatlarda davlat ro‘yxatidan o‘z vaqtida o‘tkazilmagan huquqlar uchun ma’muriy javobgarlik yengillashtiriladi hamda meros yoki hadya tartibida olingan turar joyni sotishda soliqqa oid qo‘shimcha qulayliklar joriy etiladi.

2026 yil 1 oktyabrdan boshlab shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan sanasi o‘zgarganda, ushbu ma’lumotlar davlat axborot tizimlarida avtomatik ravishda yangilanadi. Bu ortiqcha hujjat yig‘ish va turli idoralarga alohida murojaat qilish ehtiyojini kamaytiradi.

Shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘chmas mulkka taqiqlar, shaxs nomidagi telefon raqamlari, ularga ulangan pulli xizmatlar hamda bank kartalari haqida ma’lumot olish imkoniyatlari kengaytiriladi. Notarial harakatlar haqida ham fuqarolarga avtomatik xabarnomalar yuborish tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan reklama sohasida ham yangi talablar belgilandi. Xususan, mobil aloqa orqali reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini faqat fuqaroning oldindan bergan roziligi bilan yuborishga ruxsat etiladi. Bundan tashqari, reklamani tungi vaqtda tarqatishga cheklovlar kiritiladi.

Hujjatda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga aniq muddatlar belgilangan bo‘lib, ularning ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bosh vazir zimmasiga yuklatilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid