Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda YPX mototsikllari ishtirokida avariya ro‘y berdi
Toshkent shahrining Do‘rmon yo‘li ko‘chasida patrullik mototsikllari va uchta yengil avtomobil ishtirokida YTH ro‘y berdi. YPX xodimlaridan biri halok bo‘lgan, yana bir necha kishi shifoxonaga yotqizilgan.
16 iyul kuni kechga yaqin Toshkent shahrining Do‘rmon yo‘li va G‘azalkent ko‘chalari kesishmasida uchta xizmat mototsikli ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.
Avariya holati avtomobillardan birining videoregistratoriga yozib olingan.
Videoyozuvda ko‘rish mumkinki, chorrahada avtomobillar va piyodalar harakati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tartibga solib turilgan. Qora rangli furgon va yana bitta shu rangdagi avtomobil katta tezlikda o‘tib ketgandan so‘ng, yo‘l ochilib, harakatlanishga ruxsat berilgan. Svetoforda yashil chiroq yongan va yengil avtomobillar harakatlanishni boshlagan.
Onix rusumli avtomobil chorrahaga chiqishi bilan yonma-yon kelayotgan ikkita mototsikl, ularning ortidan yana bittasi katta tezlikda kelib unga urilgan. To‘qnashuv oqibatida yengil avtomobil yonib ketgan va qarama-qarshi yo‘lda kelayotgan boshqa avtomobillar bilan to‘qnashgan.
Tarmoqda to‘qnashuv oqibatlari aks etgan videolar ham tarqalgan.

YTH sodir bo‘lgan hududda harakat vaqtincha to‘xtatilgan, oqibatlar bartaraf etilgach, yo‘l ochilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, patrullik mototsiklini boshqarib kelgan YPX xodimlaridan biri voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, tan jarohati olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani aytilgan, ammo ularning soniga aniqlik kiritilmagan.
Videolardan ko‘rish mumkinki, YTH oqibatida kamida uchta yengil avtomobil shikastlangan – ushbu avtomobillarda bo‘lganlarning ahvoli bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q.
Shu bilan birga, bayonotda mazkur avariya kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani to‘g‘risidagi xabarlar yolg‘on ekani ta’kidlangan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur YTH kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani to‘g‘risida noto‘g‘ri talqin kuzatilmoqda. Tarmoq vakillarida asoslantirilmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz», – deyiladi xabarda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
10:56 / 11.07.2026
O‘zbekistonlik haydovchi Amerikada oqibati o‘lim bilan tugagan YTH sodir etdi
12:35 / 08.07.2026
Lacetti ikkiga bo‘linib ketgan avariya oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan
10:58 / 08.07.2026
Toshkentda Lacetti chiroq ustuniga borib urildi
10:44 / 07.07.2026