Jahon | 09:30
1813
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasi Ukrainaning bir nechta viloyatini o‘qqa tutdi

Rossiya Qurolli kuchlari 17 iyul kuni Ukrainaning Xarkiv, Dnipropetrovsk va Chernihiv viloyatlari, shuningdek Odessa va Mikolayiv shaharlariga raketa, boshqariladigan aviatsiya bombalari hamda dronlar bilan hujum qildi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujumlar natijasida kamida besh kishi halok bo‘lgan, yana 35 nafardan ortiq fuqaro turli darajada jarohat olgan.

Foto: Carlo Bravo/Anadolu/picture alliance

Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, Rossiya Qurolli kuchlari 17 iyul kuni mamlakatning bir qator hududlariga ommaviy zarbalar berdi. Hujumlar Xarkiv, Dnipropetrovsk va Chernihiv viloyatlari hamda Odessa va Mikolayiv shaharlarini qamrab oldi.

Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning bildirishicha, Xarkiv shahri raketa zarbasiga uchrashi oqibatida 40 yoshli erkak halok bo‘lgan. To‘qqiz kishi, jumladan 2 va 7 yoshli ikki nafar bola jarohat olgan. Hujum tufayli shahar markazidagi turar joy binolariga ham zarar yetgan.

Shuningdek, Xarkiv viloyatining Izyum shahriga Rossiya aviatsiyasi tomonidan boshqariladigan aviatsiya bombasi tashlangan. Bu hujum oqibatida yetti kishi, jumladan uch nafar voyaga yetmagan bola jarohatlangan.

Dnipropetrovsk viloyati ham bir sutka davomida kuchli hujumlarga duch keldi. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganjaning ma’lum qilishicha, Rossiya harbiylari hududga qariyb 40 marta dron va aviatsiya bombalari bilan zarba bergan. Hujumlar natijasida 48 yoshli erkak halok bo‘lgan, yana o‘n kishi jarohatlangan.

Chernihiv viloyatining Novgorod-Severskiy shahrida esa dron turar joy binosiga urilgan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bir oilaning besh nafar a’zosi, jumladan 2009, 2014 va 2019 yillarda tug‘ilgan uch nafar bola jabrlangan.

Odessa shahri ham 17 iyul kuni hujumga uchradi. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning bildirishicha, zarbalar oqibatida 77 yoshli pensioner halok bo‘lgan. Shuningdek, shahar port infratuzilmasi raketa zarbalariga uchragan, to‘rt kishi jarohatlangan. Hujumlar natijasida sanoat obektlari va bir nechta avtomashinaga ham zarar yetgan.

Mikolayiv shahrida esa dronlar port infratuzilmasiga hujum qilgan. Viloyat prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, xorijiy bayroq ostida qatnovchi uchta fuqarolik kemasiga zarar yetgan.

17 iyulga o‘tar kechasi Rossiya aviatsiyasi Sumi shahriga ham kamida besh marta boshqariladigan aviatsiya bombalari bilan hujum qilgan. Zarbalar shaharning bir nechta tumanidagi fuqarolik infratuzilmasiga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, shahar markazidagi obektlar, ko‘p qavatli noturar bino hamda atrofdagi inshootlarga zarar yetgan, ko‘plab binolarning oynasi singan.

Ukraina rasmiylarining ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda Sumi shahri va uning atrofi deyarli har kuni Rossiya zarbalariga uchramoqda. 15 iyul kuni ham shaharga oltita boshqariladigan aviatsiya bombasi tashlangan edi. O‘shanda uch kishi halok bo‘lib, 21 kishi jarohatlangan, tibbiyot muassasalari, turar joylar, infratuzilma va ma’muriy binolarga katta zarar yetgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid