Jamiyat | 09:20
845
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan yuborilgan posilkadagi gashish fosh etildi

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida DXX, IIV va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmasida yashirilgan hamda mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan jami 1,2 kilodan ortiq gashish moddasi musodara qilinib, ikki nafar shaxs ushlandi.

Foto: Videodan kadr

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar amalga oshirildi.

Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan va muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxs Urganch xalqaro aeroportida Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmasini qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tekshiruv davomida jo‘natma ichidagi turli xil shirinliklar orasiga shokolad qadog‘i ko‘rinishida yashirilgan 538 gramm «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Yana bir tezkor tadbir Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazildi. Unda Toshkent shahrida yashovchi 45 yoshli fuqaro narkokurerlar tomonidan mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilib, xufiyona joyga yashirib qoldirilgan 700 gramm «gashish» moddasini qabul qilib olayotgan vaqtida ushlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari doirasida ushbu jinoyatlarga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

Mutasaddi idoralar fuqarolarni narkojinoyatlarga aralashmaslikka chaqirib, bu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar bilan yanada kuchaytirilganini eslatdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid