Jurnalistlar özbek futboli ötmişidagi yorqin hujumçilardan biri Azamat Abduraimov bilan suhbat uyuştirişdi.
– 1992 yilgi dastlabki Özbekiston çempionatida “Navbahor” safida töp surgaç, Malayziyaga yöl olgandingiz…
– Özbek futbolining xorijga yöl olgan ilk vakillaridan bölgan Saloxo 1993 yil boşida menga telefon qilib, özi töp surayotgan Malayziya çempionatining kuçli bir jamoasiga ötişga imkoniyat borligini aytdi va men “Paxang” jamoasiga körikka bordim. Körik davomida ikkita öyin ötkazdik. Ikkinçi öyin paytida öyingohda “Paxang” klubi xöjayini, Malayziya şahzodasi Tendku Abdulla xam ötirgan ekan. U öşa paytda Malayziya futbol federatsiyasining prezidenti ham edi. Uning otasi Paxang sultoni Axmad şoh esa OFK prezidenti lavozimida edi. Qisqasi, şahzoda taşrif buyurgan öyinda men bitta gol urdim va unga öyinim yoqib qolib, jamoaga olişni buyurdi. Aytiş mumkinki, “Paxang” Malayziya ölçovida ançayin kuçli va eng boy jamoa edi. Şunday qilib, 1993 yil yanvarda men ular bilan şartnoma imzoladim. Yagona muammo, jamoada mendan boşqa bizning öyinçilardan yöq edi.
Malayziyani men doim iliq hislar bilan eslayman. Menga klub ajoyib şaroitlar yaratib bergandi. Ikki qavatli uy, maşina…keyinroq esa uylandim. Eng qiziği, mening töyim ham Malayziyada ötgan. Şahzoda mening uylanayotganimni eşitib, menga, “kel, töyingning barça xarajatlarini men kötaraman, lekin bitta şarti, töyni Malayziyada, mahalliy urf-odatlarga köra ötkazamiz” deb taklif qildi. Men rozi böldim. Töyimiz butun Malayziya böylab şov-şuvga sabab böladigan tarzda tantanali ötdi. Ommaviy axborot vositalari bu xaqdagi xabarlar bilan tölib ketdi. Birinçi kuni Paxangning markaziy masjidida nikoh marosimini ötkazgan bölsak, ertasiga katta saroyda töy tantanasi bölib ötdi. Turmuş örtoğim ikkimizga mahalliy kiyimlarni kiydirişdi. Uning boşiga toj, mening boşimga salla kiydirib, zardan tikilgan liboslarga öraşdi. Malayziyada şunday bir odat bor ekanki, turmuş qurayotgan yoşlar töy kuni qirol va qiroliça darajasida bölişarkan. Çunki bu kun ularning eng baxtli kuni deb qabul qilinar ekan. Yana şunday an'ana bor ekanki, töy kuni kelin-kuyov yaqinlari, döstlari, qarindoşlaridan nimani istaşsa, ular yoşlarning istagini bajarişga majbur ekan. Afsuski, bu haqda menga töydan keyin aytib berişgandi, yöqsa….(kuladi)
– Sizni köpçilik 1994 yilgi Osiyo öyinlarida Koreya darvozasiga urgan golingiz orqali tanişadi…
– Xirosimadagi Osiyo öyinlari hayotimda unutilmas voqealardan biri. Esimda, bizga boşda kunlik xarajat pullarini ham berişmagan. Boksçilar, gimnastikaçilar bizni mazax qilib, “borib, pullaringni olmaysizlarmi” deb tegajoğlik qilişardi. Delegatsiya rahbarlariga çiqqanimizda, ular, “biz faqat medallar uçun kuraşadigan sportçilarga pul ajratganmiz, sizlarni esa şunçaki odam köpaysinga olib kelganmiz, öynab qaytib ketaveringlar” deyişgan. Bu esa jahlimizni çiqargandi va jamoa birlaşib, yaxşi öyin körsatişni maqsad qilgandik. Birinçi öyindayoq jahon çempionati iştirokçisi Saudiya Arabistonini 4-1 hisobida yenggandik. Koreya bilan bölgan öyinga keladigan bölsak, koreyslar bizdan oldin çorak finalda maydon egalari Yaponiyani yengişgandi. Biz bilan uçraşuvga ular biroz çarçagan holatda bölişgan. Bundan taşqari, ular Özbekistonni har qanday holatda yengişlariga işonişgan.
– Koreyaga urgan golingizga kelsak, öşa paytda töpni ilojsizlikdan tepib yuborganmidingiz yöqsa oz bölsada gol uriş maqsadi bölganmidi?
– Ilojsizlik degan iborani işlatiş notöğri. Biz uçraşuvdan avval Koreyaning öyinini tahlil qilib körib, ular bilan oçiq futbol namoyiş etiş imkonsizligini anglagandik. Şuning uçun murabbiylar imkon böldi degunça uzoqdan zarba berişni uqtirişgan. Men töpni raqibdan olib qöyib, ikki-uç himoyaçini aldab ötganman. Darvoza tomon zarba beriş uçun imkon tuğilgan, men zarba berganman. Yana boşqa bir narsani aytişni xohlardim, zarba berişdan avval içimdan bir his, bir ovoz “tep, gol böladi” degandek bölgandi. Buni tasodif ekanini aytmagan bölardim. Öyindan keyin maydonni tark etarkan, bir tomonda ğalaba qozonganimizga sevingan bölsam, ikkinçi tomondan maydonda yiğlab yotgan koreys futbolçilariga rahmim kelgandi.
Finalda Xitoyga qarşi özimizga töla işonç bilan maydonga çiqqanmiz. Öyin tölaligiça bizning ssenariy böyiça ötgan deya olmayman, lekin juda biz uçun omadli ötgan. Öyin boşidayoq Şkvirin hisobni oçgan bölsa, biroz ötgaç Lebedev ikkinçi töpni kiritgandi. Xitoyliklar ança özlarini yöqotib qöyişgandi. Biroq ular bitta gol urişgaç, öyin ança tenglaşgandi. Ikkinçi taymga çiqqanimizda gol uriş zarurligini sezib turardik. Jarima maydonçasida menga töp uzatişganda, ataylab penalti işlaş maqsadida oldinga intildim, çunki himoyaçi menga yeta olmayotgani körinib turardi. Töpni oldinga taşladim, himoyaçi bu paytda meni turtib yubordi. Menga ham aynan şu kerak edi, darrov yiqildim. Penaltidan urgan golimdan keyin, öyin taqdiri deyarli hal bölgandi. Bu buyuk ğalabada hissam borligidan faxrlanaman.
Suhbatdoş Dilmurod JUMABOYeV, “Dunyo özbeklari”






