Natijani abonentlar hozirdanoq his qilishmoqda - mobil internet tezlashdi. Biroq bu tarmoqni keng koʻlamda yangilashning bir bosqichi xolos.
90 foiz koʻrsatkichi nimani anglatadi?
Reja doirasida tayanch stansiyalari, uy interneti uchun optik terminallar, transport uskunalari va maʼlumotlar markazlari uchun serverlar kabi jihozlarni oʻrnatish hamda yangilash koʻzda tutilgan.
«Hozirda butun respublika boʻylab keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda, deyarli har bir tumanda yangi tayanch stansiyalari oʻrnatilyapti yoki mavjudlari modernizatsiya qilinmoqda», - deya tasdiqlaydi Farhod Muhamadiev.
Joriy yilda 1 931 ta obyekt modernizatsiya qilindi, mamlakat boʻylab 280 dan ortiq yangi tayanch stansiyalari ishga tushirildi. Keng polosali ulanish (KPU) tarmogʻi 763 mingdan ziyod abonent portiga kengaytirildi. 2026-yil boshidan buyon 4G trafigi 32 foizga, 5G trafigi esa ikki barobarga oshdi.
Kompaniyaning billing tizimi modernizatsiya qilinib, 67 foizga kengaytirildi va 20 million nafargacha abonent maʼlumotlarini qayta ishlash quvvatiga ega boʻldi. Xalqaro paketli kommutatsiya markazining oʻtkazuvchanlik qobiliyati esa 5 000 Gbit/s gacha yetkazildi.
Buxoro va Fargʻona viloyatlarida maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari barpo etildi, Toshkent viloyatida esa maʼlumotlar markazini qurish ishlari yakunlanish arafasida. Xalqaro Uptime Institute tomonidan Tier III darajasi boʻyicha sertifikatlanadigan ushbu obyektlar infratuzilmasining umumiy sigʻimi 100 Pbaytga teng.
Ushbu reja yanada yirik ikkita dasturning bir qismidir. Birinchisi (2022–2026-yillar) transport tarmogʻi, xalqaro maʼlumotlar almashinuvi uzeli hamda maʼlumotlar markazlarini yangilashga qaratilgan. Ikkinchisi esa deyarli butun infratuzilmani - transport aloqa tarmogʻi, mobil aloqa, keng polosali internet tarmogʻi hamda hududlar oʻrtasida maʼlumotlar uzatish kanallarini qamrab oladi. Ushbu loyiha 2025–2030-yillarga moʻljallangan.
«Bularning barchasi “Oʻzbekiston - 2030” milliy strategiyasining bir qismi boʻlib, uning doirasida mamlakatimizdagi barcha aholi punktlarini keng polosali internet tarmogʻiga ulash imkoniyati taʼminlanishi kerak», - deya taʼkidladi Rivojlanish departamenti direktori oʻrinbosari Alisher Asilov.


















