O‘zbekiston | 11:40 / 21.11.2017
54033
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mudofaaga oid yangi davlat qo‘mitasi tashkil etildi

Foto: O‘zA

20 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.

Qaror mazmuniga ko‘ra, yangi tashkil etilayotgan davlat qo‘mitasi mamlakatda mudofaa maqsadidagi buyurtmalar va ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha yagona siyosatni muvofiqlashtirib boradi.

Shuningdek, hujjatda mazkur qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tizimiga qurol-yarog‘, harbiy texnika, moddiy buyumlarni yetkazib berish va ta'minlash bilan shug‘ullanishi belgilab qo‘yilgan.

Yangi tashkil etilgan qo‘mita tarkibiga «O‘zmaxsusimpeks», «Sharq» DUK va Chirchiq aviasozlik ta'mirlash zavodi kiritilgan. 2018 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston hududida harbiy-texnika vositalarini ishlab chiqarish, ta'mirlash, tayyorlash va yetkazib berish ushbu qo‘mita taqdim etgan litsenziyasi asosida amalga oshiriladi.

Joriy yil oktabr oyi so‘ngida Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Dmitriy Rogozin O‘zbekistonga tashrif buyurib, «Rossiya harbiy-sanoat sohasini rivojlantirishda rasmiy Toshkentga maslahat orqali ko‘mak berishi»ni ta'kidlagandi.

Eslatib o‘tamiz, 26 iyul kuni Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli rahbarligidagi delegatsiya Toshkent shahrida harbiy-texnika sohasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolagandi

Shundan so‘ng, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi davomida «O‘zavtosanoat» AJ va Turkiyaning harbiy texnika ishlab chiqarish sohasida yetakchi kompaniyasi sanaladigan Nurol Makina ve Sanayi A.Ş.​shirkati o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan. Unga ko‘ra, Ejder Yalçın 4x4 ​ bronetransporterlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid