Elektroenergiya. Harakat qilinayapti, biroq vaziyat yaxshilanishiga ancha vaqt borga o‘xshaydi...
Qish mavsumi tugab bormoqda. Odatda bu mavsum aksari o‘zbekistonliklar xotirasida elektr energiyasi va tabiiy gazdagi muammolar bilan muhrlanib qoladi. Buni KUN.UZ tahririyatiga deyarli har kuni keladigan murojaatlardan ham anglash mumkin. Keling, ularning ayrimlari bilan yaqindan tanishamiz.
Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidan kelgan murojaat:
“Assalomu alaykum. Men Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumani, Chandir qishlog‘idanman. Mana, Xudoga shukr, shu yil qishda elektr energiyasi ancha yaxshi yonayapti. Faqat bir muammo bor. Ayni kechki ovqatga o‘tirgan payt chiroq o‘chadi, shundan so‘ng kechki 10 larga borib yonadi. Shanba va yakshanba kunlari bunday holat kuzatilmaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, elektr ta'minotini kunning boshqa paytida o‘chirsa bo‘lmaydimi? Ishdan charchab kelib hordiq chiqarmoqchi bo‘lganda yoki oila davrasida o‘tirganda chiroqning o‘chishi kishini xunob qiladi”.
Andijon viloyatining Asaka tumanidan kelgan murojaat:
“Assalomu alaykum KUN.UZ’Ning jonkuyar xodimlari. Men sizlarga Andijon viloyati, Asaka tumanidan yozayapman. Gap shundaki, umuman oganda, bizda xaliyam hech nima o‘zgarmagan. Prezidentimizning yonib gapirishlarini ko‘rib, “Ux, ana xaqiqat. Mana endi Xudo xohlasa xammasi yaxshi bo‘ladi”, deyaverib oradan bir yil ham o‘tib ketibdi. Bizda esa hamon gaz yo‘q. Elektr ta'minotidagi 20 yillik muammolar hamon bor. Internet masalasiga kelsak, “O‘ztelekom” optik tolalarni o‘tkazishni boshlagandi, lekin bu ishlar ham o‘lda-jo‘lda qolib ketdi.
Shu desangiz, bir yarim sotixda 4 oila yashaymiz, jami 11 kishi. Uch aka-uka, Xudoga shukr, ishlaymiz, hunarmandmiz. Ammo arzon uy-joylarni olomayapmiz. Bu borada portalga ham yozdik, ammo hokimiyat arzon uylar haqida tushuntirish olib borib, yuborilgan murojaat ijobiy hal etildi, deb qo‘l qo‘ydirib olishdi. Doimgidek qog‘ozda hal. Hayotda-chi?”.
Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidan kelgan murojaat:
“Assalomu alaykum. Men Soliyev Muslimbek Farg‘ona viloyati, Beshariq tumani “Yangiqo‘rg‘on” MFYdan yozyapman. Iltimos, bu xatim e'tiboringizdan chetda qolmasin.
O‘zim talabaman. Tug‘ilib o‘sgan uyimda elektr taqchilligi yuzaga kelgan, tabiiy gazni-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Uyimga borganimda ota-onam, ukalarim sovuq uyda yashayotganliklarini ko‘rib, rahmim keladi. O‘zi o‘rtahol oilamiz. Men Toshkentda, issiq yotoqxonada yotaman-u, jigarlarimni o‘ylab ichimni it tirnaydi. Qani endi hozir imkoniyatim bo‘lsa, ularga sharoit qilib bersam. Qishloqda hech bo‘lmasa yoki elektr, yoki tabiiy gaz ta'minoti uzluksiz bo‘lsin.
Ko‘plab idoralarga murojaat qildim. “O‘zbekenergo”ning Telegram messenjiridagi botiga yozdim, ammo tuman elektr tarmoqlaridan tayinli yordam ko‘rsatilmadi. “O‘zbekenergo”ning quyidagi mazmundagi xatini oldim xolos. “Administrator AO "Uzbekenergo": Hurmatli fuqaro! Beshariq tumani, “Yangiqo‘rg‘on” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Soliyev Muslimbek Muhammadjon o‘g‘li murojaati bo‘yicha telefon orqali bog‘lanib, hozirgi kunda elektr ta'minotidagi tartibsiz o‘chishlar sababi quyidagicha tushuntirildi: Ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida gaz bosimi tushib ketishi va oqibatda energotizimda quvvat tanqisligi yuzaga kelishi oqibatida 110 kV liniyalarimiz UON avtomatikasi ishlayotgani sabab o‘chishlar yuzaga kelayotgani, bu holat vaqtinchalik bo‘lib, tez kunda ta'minot yana iziga tushib, cheklovlar mahalliy hukumat bilan kelishilgan grafik asosida bajarilishi haqida tushuntirish berildi”.
Lekin hech narsa iziga tushmadi. Keyin viloyat prokuraturasiga telefon orqali shu masala yuzasida yordam berishlarini so‘radim. Ular yana Tuman elektr tarmoqlari korxonasiga aytishdi. Yana o‘sha gaplar, hech qanday o‘zgarish yo‘q”.
Samarqand viloyatining Narpay tumanidan kelgan murojaat:
“Assalomu alaykum hurmatli Kun.uz tahririyati. Sizlarga xat yuborishimdan maqsad Samarqand viloyati, Narpay tumani, Oqtosh shahri, “Islomobod” mahallasi elektr ta'minotidan shikoyat qilmoqchiman.
Mening kichkina korxonam bor. Hozirda aloqa operatorlari bilan ishlaymiz. Xamma ishimiz kompyuter bilan bog‘liq. Elektr ta'minoti yaxshi bo‘lmaganidan keyin ishimiz ham orqaga ketayapti. Prezident portaliga bir necha bor murojaat qildim. Bir oy, nari borsa, yigirma kun o‘zgarish bo‘ladi va yana eski holatiga qaytadi. Tekshiruvchilar “Mana aka, elektr yaxshi bo‘ldi, endi yomonlanmaydi. Shuning uchun davoyim yo‘q, deb yozib bering”, deb keladi. Oxirgi marta 2017 yil dekabrda yuborgan shikoyatimga viloyat elektr tarmog‘idan vakil kelib Narpay tumanidan juda kup shikoyat yuborilgan, shuning uchun komissiya tuzildi, ishlayapti degan edi. Rostdan ham 2017 yil 20 dekabrdan to 2018 yilning 15 yanvarigacha, roppa rosa 25 kun umuman uzilish bo‘lmadi.
Hozir yana eski holat. Yarim soat yonadi, ikki-uch soat o‘chadi. Tuman elektr tarmog‘iga borsak, “Samarqanddan dispetcherlar uzishayapti”, degan javobni olamiz. Prezidentimiz qarzi yo‘qni elektrdan uzma, degan ko‘rsatmasini Samarqanddagi dispetcherlar bajarishmayapti. Tuman elektr tarmog‘iga taxminan 500 000 (besh yuz ming) so‘m oldindan pul to‘lab qo‘yganmiz. Bizga yordam berasiz degan umiddamiz”.
KUN.UZ tahririyatiga elektr ta'minoti bo‘yicha respublikaning turli hudadlaridan murojaatlar kelishi davom etmoqda. Ortiqcha gapga hojat yo‘q, ortiqcha iddaolarga ham. Barchasi amaliy ishlarga bog‘liq. Shu sabab, o‘ylaymizki, “O‘zbekenergo” AJning hududiy korxonalari tomonidan mazkur muammolar tez orada hal etiladi.
Mavzuga oid
10:03 / 02.09.2024
“Xalq nazorati” portali orqali qilingan murojaatlar soni 45 mingdan oshdi
17:55 / 28.08.2024
Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi
08:34 / 16.05.2024
Soliq qo‘mitasiga eng ko‘p murojaat qaysi hududlardan kelib tushayotgani aytildi
15:07 / 10.04.2024