O‘zbekiston | 12:45 / 18.05.2018
26794
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: 51 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi

Foto: Bosh prokuratura

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 15.02.2018 yildagi “Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta'minlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5343-sonli farmoniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etilgan, deb xabar bermoqda mahkama axborot xizmati.

Boshqarma tomonidan prezidentning qaror va topshiriqlari ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, uning ijrosi muntazam ravishda joylarga chiqib o‘rganilmoqda.

Tekshirishlar davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan 36ta qaror va topshiriqlar ijrosi bajarilishi ta'minlandi.

Mazkur tekshirishlar davomida asosiy e'tibor prezident qaror va topshiriqlarining o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishiga hamda mansabdor shaxslarning mas'uliyatini yanada oshirishga qaratildi.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra, 51 nafar mansabdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi hamda qo‘pol qonun buzilish holatlari yuzasidan 3ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Shu bilan birga, 17ta tadbirkorlik sub'yektlariga 53,3 mlrd so‘m va 4,3 mln AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘lari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 11,4 gektar yer maydoni ajratilishiga hamda 26 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi kredit mablag‘larining qaytarish muddatini uzaytirishga amaliy yordam ko‘rsatildi, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish uchun 55,2 mlrd so‘m pul mablag‘lari ajratilishi ta'minlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuratura voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘z joniga qasd va suiqasd qilish holatlari bo‘yicha ma'lumot bergandi.

Mavzuga oid