O‘zbekiston | 23:00 / 22.05.2018
6802
5 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy va yuridik shaxslar qanday tartibda murojaat qilishadi?

Foto: Pikabu.ru

Hozirgi kunda davlat organlari va mansabdor shaxslarga murojaat qilish hayotimizning asosiy qismiga aylanib ulgurdi. Albatta, bu narsa ijobiy holat sanaladi, kachonki asosli va to‘g‘ri tartibda amalga oshirilganda. Sababi, fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini tegishli tartibda bilishi va amalda qo‘llanilishini talab qilishi ularning konstitutsiyaviy huquqlari hisoblanadi. Demak, bu jarayon qonunchiligimizda qanday belgilanganini ko‘rib chiqamiz. Bu xususidagi asosiy manba «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun hisoblanadi. Uning 3-moddasida murojaat etishning quyidagi shartlari keltirib o‘tilgan: «Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin».  

Dastlab nimalarga e'tibor qaratish zarur?

Murojaat etishda Qonunning 6-moddasida quyidagi talablar belgilab o‘tilgan: «Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

Elektron murojaat qanday tartibda beriladi?

Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida bo‘lishi kerak. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Anonim murojaatlar nima?

Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma'lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi. Agar murojaatda qabul qilish va ko‘rib chiqish qonunga xilof ravishda rad etilsa, uning ustidan  xar bir shahs bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud bevosita sudga shikoyat qilishga haqli ekanligi belgilab o‘tilgan. Murojaatlarni berish muddatlari esa qoida tariqasida belgilanmaydi.

Murojaatlar kanday va qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?

Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibida esa bir qancha muhim jihatlar  qayd etilgan. Unga ko‘ra, Qonunning 18-moddasida : «Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolat doirasiga kirmaydigan davlat organiga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi».

Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa bir qancha asoslar bilan belgilab o‘tilgan. Qonunning 19-moddasida shunday keltirilgan: «Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e'tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi. 

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilsa, yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi belgilab o‘tilgan.

Javohir Shamsutdinov
huquqshunos

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid