Jahon | 17:20 / 23.07.2018
6269
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Trampning impulsiv harakatlari Pentagonga bosim o‘tkazmoqda

Foto: Sandy Huffaker/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Trampning impulsiv xatti-harakati Pentagonda «beqarorlik va stress» darajasini oshirmoqda, deb yozadi Politico manbalarga tayangan holda.

AQSh prezidenti Donald Trampning qo‘li ostidagi xodimlarni avvaldan ogohlantirmasdan turib siyosiy bayonotlar berishi «beqarorlik va stressning qo‘shimcha darajasini keltirib chiqarmoqda», deydi Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirligining sobiq yuqori mansabli amaldorlaridan biri.

Politico’ning yozishicha, Trampning kutilmagan harakatlarga moyil ekani uning mudofaa sohasidagi yetakchilariga ta'sir qildi. Masalan, u deyarli ogohlantirmasdan buyruqlarni bergan yoki yirik siyosiy qarorlarni qabul qilgan. Xususan, bu alohida kosmik kuchlarni tashkil etish, AQShning Yevropadagi qo‘shinlari sonini qisqartirish bo‘yicha farmonlarga aloqador.

Shuningdek, sobiq amaldorlarning aytishicha, Trampning impulsiv farmonlari AQSh prezidenti ma'muriyatining Oq uyda harbiy masalalarni «mikroboshqarish» strategiyasini o‘zgartirish bo‘yicha sa'y-harakatlariga zarar yetkazyapti.

Trampga qadar «bizda, albatta, hech qachon prezidentdan tvitter orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri keluvchi direktiva bo‘lmagan», deya ta'kidlaydi mudofaa sohasidagi sobiq yuqori mansabli amaldor.

«Bu shundoq ham katta stress ostida bo‘lgan tashkilotga beqarorlik va qo‘shimcha stress darajasini yuklamoqda», - deya hisoblaydi sobiq amaldor.

Biroq, prezidentlar Jorj Bush va Barak Obama davrida Pentagon hamda Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan Loren Shulmanning Politico’ga aytishicha, Obama paytida ham shunday holatlar uchrab turgan. Obama 2011 yili harbiy byudjyetdagi yirik qisqartirishlar haqida e'lon qilib, mudofaa mahkamasi rahbarlariga o‘ziga xos syurpriz qilgan, deya qayd etadi Shulman.

Shuningdek, Obama chiqishidan atigi bir necha kun avval Mudofaa vazirligi rahbari Robert Geytsni xabardor qilgan, bu uning uchun «butunlay shokka» aylangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Trampning ishonchi puchga chiqqani, Vashingtonda vahima paydo bo‘lgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid