Jamiyat | 17:31 / 20.10.2018
6931
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda dizelda harakatlanuvchi transportlarni qanday tartibga solish mumkin? 

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Toshkent shahri hududida dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalarini tartibga solish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Yevropa ittifoqi davlatlarida dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalarini ishlab chiqarishdan bosqichma-bosqich olib tashlash va harakatlanishini man qilish ishlari jadal olib borilmoqda. Chunki dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalari benzin yoki gazda harakatlanuvchi transportlarga qaraganda atrof-muhitga zararli gazlarni bir necha barobar ko‘proq chiqaradi. Natijada odamlarda o‘pka raki, nafas yo‘li kasalliklariga chalinish holatlari bir necha barobarga ortadi. 

“Yurtimiz misolida olsak ham, bizdagi dizel yoqilg‘isini sifati Yevropa davlatlaridagi dizelga qaraganda ancha past. Toshkent shahrida dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan avtobuslar, yuk mashinalari, maxsus texnikalar va boshqa transport vositalarining harakat vaqtida juda quyuq bo‘lgan qop-qora tutun chiqadi. Bu tutun nafaqat atrof-muhitni kuchli ifloslantiradi, shuningdek yon-atrofdagi yo‘lovchi va piyodalar, haydovchilarga ham katta noqulayliklar keltirib chiqaradi.

Sinov tariqasida Toshkent shahrida dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalarini majburiy ravishda siqilgan gaz (metan) yoki suyuq gaz (propan) yoqilg‘isida harakatlanishga moslashtirishni taklif qilaman”, - deya yozadi muallif.

Bildirilishicha, ushbu loyihani IIV YHXBB, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi va boshqa manfaatdor vazirlik, idora hamda tashkilotlar birgalikda ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bozorlarda narxlarni sun'iy oshirmaslik bo‘yicha taklif berilgandi.

Mavzuga oid