O‘zbekiston | 17:50 / 24.10.2018
7670
3 daqiqa o‘qiladi

Shaxslarni jamoat ishlariga jalb etish choralarini takomillashtirish taklif etildi

Foto: Sputnik / Yevgeniy Biyatov

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida shaxslarni jamoat ishlariga jalb etish choralarini yanada takomillashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar bermoqchiman. Taklifni amalga oshirish davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar ijrosini ta'minlashga, byudjyet mablag‘larini tejashga hamda fuqarolarimiz bandligini ta'minlashga xizmat qiladi.

“Davlat xizmatlaridan biri sifatida bo‘sh ish o‘rinlari va ishsizlar haqida ma'lumot beruvchi onlayn bankomatni yaratish lozim. Buning uchun tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining hududlar kesimida biriktirilgan mehnat inspektori o‘z hududi bo‘yicha ishsizlar haqidagi ma'lumotlarni elektron bazaga haftalik kiritib boradi. Unda ishsizlarga tegishli barcha hujjatlar va ular haqida elektron ma'lumotlar (F.I.O, ma'lumoti, yashash manzili) aks etadi. Ushbu bankomat ko‘rinishidagi onlayn ravishda ishlovchi uskunani aholi gavjum joylarga joylashtirish lozim. Bankomatdan foydalanishga kelgan fuqaro o‘z ismi-sharifini yozishi va buyurtmachi tomonidan kiritilgan bo‘sh ish o‘rni, ish haqi, uning manzili, ish talablari haqidagi ma'lumotlarni olishi lozim. Fuqaro har bir jarayonga o‘tayotganda, ko‘rsatmali belgilar uni yo‘naltirib turishi kerak. Bankomat orqali fuqaro bo‘sh ish o‘rnini tanlashi, onlayn mehnat shartnomasini tuza olishi, shuningdek, mehnat muhofazasi, sug‘urta, bajarilishi talab etiladigan ish qoidalari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim”, - deyiladi murojaatda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi direksiyasi va uning hududiy vakillari elektron to‘lov xizmatlari orqali fuqarolarning ish haqlarini nazorat qilishi va oylik maoshlari o‘z vaqtida to‘lab borilayotganini ko‘rib turishi lozim, deb yozadi petitsiya muallifi.

Shuningdek, qonunchilikda jamoat ishlariga biriktirilgan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, ularning xavfsizligi ta'minlash masalalarini ham nazarda tutish lozim. 

“Natijada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi direksiyasi va uning hududlardagi vakillarining ishi yengillashadi, tuman, shahar, mahallalarda buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlarini kuzatish va o‘rganish imkoniyati yaratiladi, shuningdek, ishsiz fuqarolar ish bilan ta'minlanadi”, - deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtotransportdan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish taklif etilgandi.

Mavzuga oid