O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Soliq va byudjyet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilindi.

Shu vaqtga qadar tovar aylanmasidan faqat yagona soliq to‘lab kelgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lash masalasida qo‘shimcha bilimlar talab etadi.

Boz ustiga, Respublikamiz soliqqa tortish amaliyotida hozirgi kungacha hech qo‘llanilmagan qo‘shilgan qiymat solig‘ining soddalashtirilgan tartibda to‘lash amaliyotining joriy etilishi turli savollarni tug‘dirishi shubhasiz.

Biz dastlab umumiy holatda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash amaliyoti haqida to‘xtalamiz, keyin soddalashtirilgan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lash to‘g‘risida tushuncha berishga harakat qilamiz.

2019 yildan boshlab tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan nafaqat yuridik shaxslar, balki yuridik shaxs tashkil etmasdan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslar ham yuridik shaxs sifatida ro‘yxatda o‘tishi va qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashi zarur bo‘ladi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) o‘z nomlanishi bilan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish yoki savdo jarayonida yangidan yaratilgan qiymatning bir qismini davlat byudjyetiga undirishni ko‘zda tutadi. Xalqaro amaliyotga ko‘ra QQS byudjyetga to‘lanadigan summasini aniqlashning asosan uchta har xil usuli keng qo‘llaniladi.

1. Hisobdan chiqarish usuli.

Bu usulga ko‘ra, korxona byudjyetga to‘laydigan QQS summasini sotib olingan tovarlar qiymatini sotgan tovarlar qiymatidan chiqarib tashlab farqni aniqlaydi va bu farqqa soliq stavkasini ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlaydi.

2. Hisobga olish usuli.

Hisobga olish usuli yoki schyot-faktura usuli Yevropa Ittifoqiga kiruvchi deyarli barcha davlatlarda va QQS joriy etilgan boshqa ko‘pgina davlatlarda qo‘llanib kelinmoqda.

Ushbu usulga ko‘ra, korxona tomonidan byudjyetga to‘lanadigan QQS summasi sotilgan tovarlarga (xizmatlarga) hisoblangan soliq summasidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) uchun to‘langan soliq summasini chiqarib tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.

3. Yig‘ish usuli.