Jamiyat | 15:36 / 10.03.2019
14039
8 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahrida kanalizatsiya tarmog‘i ishdan chiqqan. «Suvoqova»da esa texnika yo‘q

Kanalizatsiya masalasi shahar va tumanlarda eng muhim tarmoq va shu bilan birga eng muammoli holatlardan biri hisoblanadi. Qishloqlarda esa kanalizatsiyaning o‘zi yo‘qligi ko‘pchilikka ma'lum.

Kanalizatsiya tarmog‘ini qurish ko‘p mablag‘ va xarajat talab etadi. Shu bois bu masala joylarda manzilli dasturlar asosida amalga oshiriladi.

Ammo Navoiy shahrida mavjud kanalizatsiya tizimi ham asta-sekin ishdan chiqmoqda. Ayrim mutasaddilarning o‘z ishiga mas'uliyatsizlarcha yondashgan holda chiqargan qarorlari bugungi kunda shunday muammoni keltirib chiqarmoqda.

Kun.uz saytiga Navoiy shahridagi «Guliston» va «Istiqlol» mahallalari aholisidan kelgan murojaatni o‘rganishimiz davomida ana shunda holatga duch keldik.

«Mahallalarimizda bir necha yildan buyon muammosiz ishlab kelgan kanalizatsiya tizimi uch yildan buyon ishlamayapti. Sababi, kanalizatsiya quvuri o‘tgan yerga Navoiy shahar hokimligi tomonidan uy-joy qurilishiga ruxsat berilgan. Ikki-uch yildan buyon kanalizatsiya quvuri ustida qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu esa quvurlar ishdan chiqishiga olib keldi. Ushbu mahallada 4 mingdan ziyod kishi istiqomat qiladi. Uch yildan buyon shu muammo bizni qiynab kelmoqda. Kanalizatsiya ishlamayotgani tufayli hovlilardagi kanalizatsiya quduqlari to‘lib ketgan. Yoz kunlari mahallalar butkul badbo‘y hidga to‘ladi. Bu masalada viloyat va shahar hokimliklari  hamda tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qildik. Ammo hammasi quruq va'dalar bilan cheklanishadi. Amaliy harakatdan darak yo‘q», – deydi ushbu mahallalar faollari biz bilan suhbatda.

Ushbu holatni mahallalar bo‘ylab kuzatdik va vaziyatni o‘rgandik. Haqiqatan ham kanalizatsiya tizimidagi muammolar tufayli xonadonlardagi kanalizatsiya quduqlari to‘lib, xunuk manzara hosil qilgan. Antisanitariya holati yuzaga kelgan. Shahar DSNEM xodimlari bu mahallalarga oxirgi marta qachon kelishganini eslay olishmasa ham kerak. Aholi esa bir necha yildan buyon bu muammo bilan kurashib kelmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, maxsus texnikalar yollab, kanalizatsiya quduqlarini tozalashar ekan. Tayyor kanalizatsiya tizimi turganda aholi maxsus texnikalarga pul sarflashga majbur bo‘lmoqda. Shaharda bunday maxsus texnika yo‘qligi sababli aholi uni boshqa joylardan yollashga majbur. Bu esa xarajatlarni yanada oshiradi.

Shuningdek, o‘rganishimiz davomida kanalizatsiya quvurlari ustidan yangi uylar qurilganiga guvoh bo‘ldik. Ikki-uch yillar avval ushbu uylarning qurilishi mahallalardagi kanalizatsiya tizimi ishdan chiqishiga olib kelgan. Aslida belgilangan me'yorlarga ko‘ra, kanalizatsiya tarmog‘i ustiga uy-joy qurish mumkin emas. Ammo bu yer shahar hokimining qarori bilan fuqarolarga uy-joy qurish uchun berilgan. Albatta, hokim qarori tegishli komissiya dalolatnomasiga asoslanishi zarur. Ushbu komissiya tarkibida turli soha vakillari bor. Ular nega bunday mumkin bo‘lmagan holatga yo‘l qo‘yishgan?

Ushbu masalalar yuzasidan Navoiy shahar hokimligi mutasaddilari bilan uchrashdik va mazkur vaziyat yuzasidan izoh so‘radik. «Suvoqova» DUK Navoiy shahar filiali direktori Asror Hamroyevning izohlari «tabibimdan yordam so‘rasam, netay, tabibimning o‘zi ham bemor», qabilida bo‘ldi. Bu korxonada ham muammolar yetaricha ekan.

«Ushbu mahallalardagi kanalizatsiya tizimi korxonamizga 2017 yilda tasarruf etish uchun berilgan. Shu vaqtdan buyon biz mas'ulmiz. Ammo bu mahallalardagi kanalizatsiya muammosi avvalroq yuzaga kelgan. Muammodan xabarimiz bor va bartaraf etish bizning zimmamizda. Ammo nimaning evaziga? Birinchidan, buning uchun mablag‘imiz yo‘q. Ishonasizmi, biz jangdagi qurolsiz odamlar kabimiz. Korxonamizda hatto bittagina texnika yo‘q. To‘lib qolgan kanalizatsiya quduqlarini muammo bartaraf etilguncha vaqtincha tozalab turish uchun maxsus texnikalarimiz ham mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, boshqa joydan maxsus texnika yollab, ba'zida bu ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Gohida o‘z hisobimdan yoqilg‘i olib beraman, ba'zida xonadon egalarining o‘zlari buning uchun pul berishadi. Kanalizatsiya quvurlari ustiga qurilgan uy-joylar atrofidan yangi kanalizatsiya tarmog‘ini olib o‘tish uchun 300 metr quvur zarur. Muammoni bartaraf etishga mablag‘ kerak. Mablag‘ esa yo‘q», – deydi «Suvoqova» DUK Navoiy shahar filiali direktori Asror Hamroyev.

Muammoga shahar hokimining 2015 yildagi qarori bilan kanalizatsiya tarmog‘i ustidan uy-joylar qurish uchun yer ajratilgani sabab bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan Navoiy shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari I.Qodirovdan izoh so‘radik.

«Bu muammo men ushbu lavozimga kelgunimga qadar yuzaga kelgan. Ayrim mutasaddilar o‘z ishiga mas'uliyatsizlarcha yondashgani tufayli kanalizatsiya tarmog‘i ustiga uy-joylar qurilgan. Bu masalani joyiga borib bir necha bor o‘rgandik. Muammoni bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqdamiz. Yangi quvur o‘tkazish masalasini 2019 yilgi investitsiya dasturiga ham kiritgandik. Ammo tasdiqlanmadi. Mablag‘ yo‘qligi sababli bu muammo shu kunga qadar hal etilmagan. Shahar hokimligi darajasida ayni vaqtda bu muammoni hal etishning imkoni yo‘q», – deydi I.Qodirov.

Shahar hokimligi darajasida muammo yechimini imkoni yo‘q bo‘lsa, viloyat mutasaddilari bu masalaga yechim topadimi?

Navoiy viloyati «Suvoqova» DUK rahbari Shaxobiddin Shaymatov biz bilan suhbatda bu masala bir necha bor manzilli dasturlarga kiritilib, tasdiqlanmay qolayotgani, zarur mablag‘ yo‘qligini bildirdi.

Muammoga yechim bormi?

Bu savolga Navoiy viloyati hokimligining kapital qurilish masalalari kotibiyati mudiri Akbar Niyazov javob berdi.

«Muammoni hal etish yuzasidan barcha choralarni ko‘ramiz. Ushbu masala dasturga kiritilmay qolgan bo‘lsa-da, zarur mablag‘ni topishga harakat qilamiz. Yaqin kunlarda bu muammo ijobiy yechim topadi», – deydi mutasaddi.

Mutasaddilar va'da berishdi. Faqat bu va'dalar bajarilsa, muammo ijobiy yechim topadi. Mahallalar aholisi ham shu umidda. Ayrim xonadon egalari ayni vaqtda kanalizatsiya quduqlarini ko‘mib tashlamoqda. Bu esa muammo ko‘lamini yanada oshiradi va zarur choralar ko‘rilmasa, ushbu mahallalardagi kanalizatsiya tarmog‘i butunlay yo‘q bo‘lib ketadi. Kanalizatsiya tizimini joylarda amalga oshirish katta muammo bo‘lib turganda, borini butunlay ishdan chiqishiga jim qarab turish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Kun.uz mazkur masala ijobiy hal etilishiga ishonch bildiradi va voqealar rivojini kuzatib boradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid

E`lonlar