Jamiyat | 21:25 / 29.03.2019
18456
12 daqiqa o‘qiladi

Nazar Eshonqul: Xushomad va maddohlik, ijodkorning siyosat va mafkuraga qulligi hamda olomonchilik haqida

Jamiyat, adabiyot xususan, o‘zbek adabiyoti, uning tahlillari, muammolari yuzasidan qator ko‘rsatuv va suhbatlarni o‘quvchilar e'tiboriga havola etib kelayotgan Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi taniqli yozuvchi Nazar Eshonqul bo‘ldi.

Yozuvchi bilan bugungi jamiyat va adabiyot haqidagi suhbatimiz ochiq va samimiy ruhda o‘tdi.

Video: Mover (Tas-IX)

Video: Youtube.com

— Nazar aka, insoniyat yaralibdiki, san'atga xususan, adabiyotga intilib yashaydi. Aytingchi, insonda bu olamga bo‘lgan intilish, ehtiyoj aslida qanday paydo bo‘ladi, qachon paydo bo‘ladi va uning paydo bo‘lishiga sabab nima? Adabiyotdan uzoq inson qanday inson?

— «​Adabiyot nima?»​ —​ degan savolga siz bilan mengacha ham juda ko‘pchilik javob izlagan, ammo aniq va to‘laqonli javobni hech kim berolmagan. O‘ylashimcha, adabiyot inson jannatdan uzilgandan keyin (Odam Ato va Momo Havo) o‘sha haqiqiy dunyodan uzilish va uning sog‘inchi asosida paydo bo‘ldi. Shuning uchun ham ehtimol avval so‘z paydo bo‘lgandir.

Hatto insonni qutqarish uchun bu olamga yuborilgan vositalarga qarasak ham unda muqaddas kitoblarni ko‘ramiz. Yana o‘sha kitob va yana o‘sha so‘z. Demak, adabiyot bu – so‘z san'ati. Aynan adabiyot muqaddas bo‘lgan tuyg‘ularni insoniyatga eslatib turadi. Odamni azal va abad bilan birlashtirib turadi, sodda qilib aytganda esa odamiyligini eslatib turadi.

Adabiyotdan uzoq inson qanday inson​ degan savolingizga ikkita holat bo‘yicha gapirish kerak bo‘ladi.

Birinchisi «Payg‘ambarlar kitobi» degan kino bor. Ana shu kino voqeliklarida jahon urushi ro‘y beradi va urushdan so‘ng yer yuzida tamaddunning jamiki ildizlari yo‘qolib ketadi. Endi tirik qolgan insonlar hayotni qaytadan boshlayapti. Ammo bu insonlarda hech qanday manba va asos yo‘q. Ular bugungi tushunchamiz bilan baholaganda hayvonlardan deyarli farq qilmaydi. Chunki ularning kun kechirish va yashash uchun kurashi faqat nafs, ya'ni qorin to‘ydirish uchungina bo‘ladi. U to‘da bo‘lishi ham faqat qorin to‘ydirishi g‘amidan. Buning uchun bir-birini g‘ajib tashlashga ham tayyor.

Ana shunday paytda bu odamlar kitob haqida eshitib qolishadi va endi shu kitobni qo‘lga kiritish uchun harakat boshlanadi. Bu oddiygina timsoliy ishlangan sahna. Ammo unda qorin g‘amidan boshqasini bilmaydigan hayvoniy, nafsga qul bo‘lgan odamning haqiqiy insonga aylanish jarayonida adabiyotning xizmati ko‘rsatib berilgan.

Ikkinchisi Rey Bredberining «Farangeyt bo‘yicha 451 daraja» asari bor. Asar voqeliklari Amerikada sodir bo‘ladi. Uning bosh qahramoni Gay Monteg —​ o‘t o‘chiruvchi. Aslini olganda unga o‘t o‘chiruvchi degan emas, aksincha o‘t yoquvchi degan ta'rif to‘g‘ri keladi. Chunki uning vazifasi qayerda kitob ko‘rsa uni yoqish. Sababi, Gay Monteg yashayotgan jamiyat uchun kitob o‘ta xavfli bo‘lgan bir buyum. Chunki kitob birinchi navbatda insonning erkinligini anglatib turadi, ikkinchidan, o‘zining ozod, hur inson, shaxs ekanligini, hissiyoti, muhabbati hamda haq-huquqi borligini eslatib turadi. 

Mana shu ikki holatdan xulosa chiqara olsak, adabiyotning insoniyat oldidagi o‘rnini bilib olamiz.

Keling uzoqqa bormaylik, 1933-1945 yillarda Adolf Gitler Germaniyasini haqiqiy so‘z san'atkorlari tashlab ketgan. Chunki u yerda adabiyot bo‘lishi mumkin emas (bu mafkura bilan adabiyot kelisha olmaydi degan ma'noda). Mana shu davrda tashlab ketilgan Germaniya oz emas, ko‘p emas 50–60 milliondan ortiq odamga qirg‘in keltirdi.

Adabiyotdan uzoq bo‘lgan hayot mana shu.

— 1999 yilgi intervyularingizdan birida o‘zbek nasrida hali beri «bo‘ronni» kutmayotganingiz, o‘zbek nasridagi bu jimlik hali uzoq davom etishi, balki yangi asrning yangi 10 yilliklarida nimalardir ro‘y berishidan umidvorligingiz haqida gapirgandingiz. O‘sha davrdan keyin ham ikkita 10 yillikni bosib o‘tdik. Nazarimda, siz aytgan «bo‘ron» hali hanuz uyg‘onganicha yo‘q. Xo‘sh, bu jimlikning sababini aslida qayerlardan qidirish kerak?

— Adabiyotdagi bu jimlikni faqat o‘zbek adabiyotidan qidirish kerak emas. Bu butun dunyo adabiyotiga tegishli holat. Sababi, keyingi 25-30 yil ichida adabiyotning roli ma'lum ma'noda pasaydi. Butun jamiyatda adabiyot va so‘z san'atiga bo‘lgan ehtiyoj susaydi. Undan ko‘ra oldi-qochdi ya'ni, belletristikaga bo‘lgan talab kuchayib ketdi. Aslida adabiyot ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi – (belletristika) hamma bilgan, hamma uchun tushunarli, hamma uchun qiziqarli, ya'ni iste'molchining talabidan kelib chiqib yozilgan asarlar.

Ikkinchisi – millatning, xalqning ertasini o‘ylab yozilgan, uning tafakkuri va ko‘ngliga xizmat qiladigan haqiqiy adabiyot.

Mana shu ikki adabiyot o‘rtasidagi kurash baribir belletristikaga qarab ketdi. Va haqiqiy adabiyotga bo‘lgan ehtiyoj butun dunyoda susaydi.

Nazarimda, suhbatdan avval siz bilan eslagan Xaruki Murakami uslubi ham baribir jim-jimalar hozircha. Biz aytayotgan jimlikni buzishga bo‘lgan intilish, ammo bu baribir maktab emas.

Shu nuqtai-nazardan dunyo miqyosida olinsa ham hali adabiy metaforalar o‘ylab topilmadi.

O‘zimizning o‘zbek adabiyotiga keladigan bo‘lsak, men ma'lum ma'noda she'riyatda bunaqa avantryustik talato‘plar, buzishlar va bo‘ronga xos intilishlar bor, deb hisoblayman. Buni bir qancha misollar bilan aytish mumkin. Ya'ni, nazmda bo‘ronga intilish bor. Nasrda esa bu bo‘ronni uyg‘ota oladigan misolni ko‘rganimcha yo‘q.

Shu o‘rinda bir fikrni aytishim kerak. Nazm inson ko‘nglini, qalbini tarbiyalaydi. Nasr esa tafakkurni. Bu ehtimol shu narsaga ham bog‘liqdir. Ya'ni, millatning tafakkuri o‘zgarmaguncha nasrda ham o‘zgarish bo‘lmas.

— Nazar aka, deyarli barcha xalqlar, davlatlar o‘z tarixida mustabidlik davrini boshdan kechirgan. Lotin Amerikasi, Yevropa, Sharq, Afrika... Kuzatamizki, o‘sha xalqlar adabiyotida mustabidlik o‘z izini ham qoldiradi. Adabiyot, adabiyot deymiz aslida adabiyot mustabidlikning oldida nima? Mustabidlik unga qanday ta'sir o‘tkazadi?

— Adabiyot mustabidlikka, mutaassiblikka, jaholatga qarshi kurashadigan birdan-bir qurol. Adabiyot aynan mustabidlik va mutaassiblikning qanday paydo bo‘lgani, qayerga olib borishi va nima oqibatlar olib kelishini tahlil qilib beradi.

Mutaassiblik va mustabidlik ikkovi bitta narsa. Agar tafakkurda streotiplar, bir xil fikrlash paydo bo‘lsa, millat mute va qullikka ko‘niksa, u diniy bo‘lsa buning oqibati mutaassiblik, agar siyosiy tuzum bo‘lsa u mustabidlik.

Shu boisdan, adabiyot doimo mustabidlik va mutaassiblik, jaholatni fosh etuvchi bo‘lishi kerak. Jamiki adabiyot shunday bo‘lgan. Masalan, Navoiy ham asarlarida o‘sha davrga munosabatini ifodalagan. Shohlar o‘rtasidagi kurashlar, kelishmovchilik va padarkushlik illatlarini tanqid ostiga olgan.

Umuman, Navoiy barcha asarlarida insonni tutqun qilgan mutaassiblik va mustabidlikka qarshi kurashadi. Bu kurashning falsafiy asoslarini ko‘rsatgan.

Shunday ekan, adabiyotning birinchi vazifasi ham illatlarni fosh qilish, mohiyatni ko‘rsatishdir. Men bu yerda Gorkiyning «Ona» romanidagi «qo‘lga qurol oling, ketdik!» ma'nosida gapirmayapman, uning vazifasi mohiyatni ko‘rsatishdir.

— Bugungi tomoshabin, o‘quvchining katta qismini (u xoh televideniyeda, gazeta yoki internetda) mamlakat miqyosidagi muhim xabar, ma'lumotlardan ko‘ra, (men oddiy xabarlar haqida gapirmayapman) shou-biznesdagi voqeliklar, bachkana hazil guruhlarining bachkana chiqishlari, ayrim seriallar ko‘proq o‘ziga tortayotganini kuzatyapmiz. Sizningcha, kishilardagi bu sayozlik nimani bildiradi, umuman bu yo‘lning kelajagi bormi?

— Yo‘q! Tabiiy ravishda bu yo‘lning kelajagi yo‘q. Xuddi shunday sayozlik fojialari jahon adabiyotida German Gessening «Biser o‘yini» asarida tilga olinadi. Asarda aytilishicha, shunday davr keladiki, odamlar ongi shou-biznes vakillari bugun nima kiyadi, nima yeydi va nima ichadi degan xayollar bilan band bo‘ladi. Odamlarning qolgan barcha muhim voqeliklarga bo‘lgan qiziqishi o‘ladi.

Bu nimadan dalolat? Bu inson tafakkurining shu darajaga yetib kelayotganidan dalolat. Bu ham falsafiy, ham diniy va dunyoviy nuqtai-nazardan baho berilishi kerak bo‘lgan masala.

Bu yerda bugungi yozuvchining ham kamchiligi bor. Kamchiligi shundaki, biz yozayotganlarimizni odamlarga o‘sha shou-biznes darajasida qiziqarli qilib yetkazib bera olmayapmiz. Odamlar asarlarda o‘zini, o‘z muammolari, orzularini topolmayapti.

Asarlarimiz odamlarga, ularning ertasiga daxldor ekanligini yetkazib bera olganimizda edi, oddiy odamlarning diqqati adabiyotga, siz aytgan oldi-qochdilardan ko‘ra muhimroq masalalarga qaratilgan bo‘lar edi.

Odamlar asarlarda o‘zini, ko‘ngil dunyosini ko‘rmayotganining sababi esa ularning ongi hali adabiyotni, ulardagi ramzni tushuna oladigan darajaga yetgani yo‘q. Shu bilan birga, yozuvchining o‘zi ham bu saviyaning og‘rig‘ini yelkasiga olib, uni tushuntirib bera oladigan darajada emas. Balki shu sababdan ular bunday savollardan o‘zini chetga olmoqda.

Ikkinchidan, chetdan kirib kelayotgan ommaviy madaniyat. Aynan u orqali ham bunday saviyasizlik, olomon madaniyati targ‘ib qilinadi.

— Bunday tafakkur va saviyasizlikdan qutilish yo‘llari adabiyotdan tashqari yana nimalarda ko‘rinadi?

— Tarbiyada ko‘rinadi. Aynan tarbiya orqali insonda illatlarga qarshi kurasha oladigan immunitet uyg‘otish mumkin.

Birgina seriallarni olaylik. Balki biz seriallarni shunchaki ermak sifatida tomosha qilarmiz. Ammo men birorta serialning mafkuradan xoli ekanligiga ishonmayman. Sababi, har bitta media mahsulot orqasida albatta qandaydir g‘oya va kimningdir maqsadi yotadi. Shu orqali odamlar qandaydir g‘oyaga bo‘ysundiriladi.

Hozir mana shuni tushuntirib bera oladigan tahlillar kerak, fikrlar kerak.

Suhbat davomida yozuvchi shuningdek, xushomad va maddohlik, siyosat va mafkuraga qul ijodkorlar, kishilar tafakkurida kechayotgan o‘zgarish va ayni damda qotib qolayotgan tushunchalar, olomonchilik borasida ham achchiq ammo o‘zi to‘g‘ri deb bilgan haqiqatlar haqida fikr bildirdi. Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid