Jahon | 11:40 / 06.04.2019
27423
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston tashqi ishlar vaziri MDH davlatlariga chaqiriq bilan chiqdi

Foto: AP

5 aprel kuni Moskvada Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin MDH mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axborot bo‘limi xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Sirojiddin Muhriddin Tojikistonning xalqaro kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha pozitsiyasini ma'lum qilgan.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari terrorizm va ekstremizm kabi zamonaviy chaqiriqlar hamda tahdidlarga qarshi kurashda sa'y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta'kidladi.

Shuningdek, Tojikiston delegatsiyasi rahbari Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida savdo, transport, aloqa va madaniyat kabi sohalarda hamkorlik qilishga alohida e'tibor qaratdi.

Vazirlar tomonidan 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi harbiylari qabrlari va harbiy yodgorliklarini saqlash va munosib asrab-avaylash zarurligi to‘g‘risidagi murojaat, MDH ishtirokchi davlatlari tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi sherikchilikni faollashtirish bo‘yicha Harakatlar dasturi, turli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan boshqa qarorlar qabul qilindi.

Bundan oldin, Abdulaziz Komilov Moskvada MDH TIVK yig‘ilishida ishtirok etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid