Jamiyat | 19:44 / 24.06.2019
14896
2 daqiqa o‘qiladi

IIV Surxondaryoda pensiya yoshidagi o‘qituvchi sobiq o‘quvchilari tomonidan kaltaklanishi haqidagi xabar yuzasidan izoh berdi

Shu yilning 9 iyun kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumani «Chaqar» mahallasida yashovchi, fuqaro Xasanova Munavvarani mahalladoshlari, ya'ni, shu mahallada yashovchi fuqarolar Q.S. va Yu.J. urib tan jarohati yetkazgani haqida Uzun tumani Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismiga Uzun tumani tibbiyot birlashmasining tibbiyot xabarnomasi kelib tushgan. Mazkur xabarnoma shu kunning o‘zida ro‘yxatga olingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

«Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlariga ko‘ra, joriy yilning 8 iyun kuni soat 21:30larda Uzun tumani «Chaqar» mahallasida yashovchi, fuqaro Yu.J. va Q.S. spirtli ichimlik iste'mol qilish maqsadida, shu mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro Xasanova Munavvaraning yashash uyiga borgan. Uning yashash uyi oldida joylashgan, faoliyati 2018 yil dekabr oyidan buyon to‘xtatilgan oziq-ovqat do‘koni yopiqligini ko‘ra bila turib, spirtli ichimlik sotishini so‘rab, uning o‘g‘li bilan tortishib turganini eshitib, Xasanova Munavvara uyidan chiqib kelgan. M.Xasanova fuqarolar Yu.J. va Q.S.ga do‘kon yopiqligini tushuntirib, ketishlarini so‘raganida, fuqaro Yu.J. M.Xasanovaning yuziga musht tushirib, unga tan jarohati yetkazgani aniqlangan.

Hozirda fuqaro M.Xasanovaga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalari yuzasidan qo‘shimcha xabar beriladi», deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq Kun.uz saytida «Uzunda pensiya yoshidagi o‘qituvchini sobiq o‘quvchilari kaltaklashdi: jabrdiyda zo‘ravonlar jazolanishini istamoqda» sarlavhali material e'lon qilingandi.

Mavzuga oid