Surxondaryo viloyatining Uzun tumani Chaqar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Munavvara Hasanova tahririyatimizga murojaat qilib, o‘zi duch kelgan adolatsizlik haqida so‘zlab bergan.

Kun.uz muxbiri Uzun tuman tibbiyot birlashmasiga borib, Munavvara Hasanovadan xabar oldi.

Ma'lum bo‘lishicha, shu yilning 8 iyun kuni 35 yildan buyon tumandagi 20-umumta'lim maktabida ingliz tilidan saboq berib kelayotgan pensiya yoshidagi M.Hasanovani ayovsiz kaltaklashgan. Uning o‘zi bo‘lgan voqeani shunday hikoya qilib berdi:

«Men to‘rt farzand — uch o‘g‘il va bir qizning onasiman. Barchasiga to‘g‘ri tarbiya berib oliy ma'lumotli qildim. Halol pul bilan ularni oliygohlarda kontrakt asosida o‘qitdim. Bu yo‘lda oilamiz bilan ro‘zg‘or tebratish uchun uyimizdan kichikroq do‘kon ochib, yuritdik. Lekin qariyb olti oydan beri do‘konni ishlatmayapmiz. Yangisini, zamonaviyrog‘ini quryapmiz», — dedi M.Hasanova.

8 iyun kuni kechqurun soat 22:00lar atrofida biz bilan istiqomat qiladigan o‘g‘lim Muzaffar Hasanovni shu qishloqda yashovchi J. va S. ismli ikki yigit chaqirib, «araq topib berasan», deb bo‘g‘ib olishadi.

«Shovqinni eshitib, otasi bilan men yugurib chiqdik. Qarasam — o‘zimning sobiq o‘quvchilarim ekan. Meni ko‘rib o‘qituvchisi ekanimni, ona ekanimni, ayol ekanligimni anglab qo‘yib yuborishar, deya ularni ajratishga tushdim. Qayoqda! Ular millatimizni kamsitib, «tatarlar» deb ham haqorat qilishdi. Shu orada qayerimdan zarba yeganimni ham bilmayman. Ko‘zim tinib, o‘zimdan ketib qolibman. Oradan ancha vaqt o‘tib, qo‘ni-qo‘shnilar qurshovida o‘zimga keldim. Ko‘zimni ocholmasdim», — dedi M.Hasanova.

Bo‘lib o‘tgan voqealarni uning o‘g‘li Muzaffar Hasanov ham tasdiqladi.

«Viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasida Uzun tumani inspektori bo‘lib ishlayman. O‘sha kuni darvoza taqillab qoldi. Shu paytda mahalliy telekanallardan birida bizning ishxona haqida lavha ko‘rsatishayotgan edi. Shunga biroz hayallab chiqdim. Chiqsam hamqishloqlarimiz — J. va S. ismli yigitlar. Ikkisi ham mast ekan. «Nega chaqirganda tezroq chiqmaysan?» — deyishdi. Keyin «aroq topib ber», deyishdi. Men do‘konimizda aroq sotilmasligi, umuman, 6 oydan buyon ishlamayotganimizni aytdim. Shundan so‘ng so‘kinib, haqoratlab, meni bo‘g‘ib olishdi. Onam shovqinni eshitib, ajratish uchun kelganida, uni J. musht bilan urib yubordi».