Jahon | 23:07 / 21.07.2019
105760
7 daqiqa o‘qiladi

Eron Tramp tuzog‘iga ilindi. Urush xavfi yaqinmi?

Bir tomonlama buzilgan 159 betdan iborat «Umumiy qo‘shma tadbirlar rejasi» (JCPOA) kelishuvi amalda saqlanib qolishi ro‘yoga aylanmoqda. Amerika hukumat ushbu hujjatni imzolagan Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniyani ham kelishuvdan chiqishga da'vat etmoqda. Shunga qaramay, AQSh Yevropadagi eng ishonchli hamkori —  Buyuk Britaniyani ham bu shartga ko‘ndirolmayapti.

15 iyul kuni Bryusselda yig‘ilgan Yevropa Tashqi ishlar vazirlari JCPOA  kelishuvidan chiqmaslik bo‘yicha iroda ko‘rsatishdi. Ularning fikricha, kelishuvdan tashqari Eron uranni boyitish ishlarini 3,67 foizga jadallashtirgani hozirgacha yo‘l qo‘yilgan katta xato emas. Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini Vashington va Tehronni kelishuv shartlariga rioya qilishga chaqirgan.

Shunga muvofiq, Fransiya Prezidenti Makronning tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Emmanyuel Bonne Tehronda bo‘lib, qaltis qarorlar qabul qilmaslikni maslahat bergan. Fransuzlar yetakchisi Belgradda ham Vashington va Tehron rasmiylari bilan muzokara o‘tkazib, mavjud ziddiyatni yumshatishini bildirgandi. Bundan tashqari, u Rossiya Prezidenti bilan muloqot qilishni rejalashtirmoqda.

AQSh qopqoni

Kelishuv bir tomonlama buzilganidan so‘ng, Eron belgilangan shart va qoidani buzmaslikka harakat qildi. Sodda qilib bayon qilganda, u munosib javob qaytarishga shoshilmadi. U xalqaro maydon va keng jamoatchilik ko‘z o‘ngida jabrlanuvchi qiyofasiga kirdi. Shunga qaramay, rasmiy Tehron egallab turgan pozitsiya va reytingidan birdan voz kechib, Hurmuz bo‘g‘ozida British Heritage tankerini to‘xtatishga urinishi bilan atrofdagilarni o‘ylantirib qo‘ydi.

Provokatsiya va tahdidlarga javob qaytarish vaqti keldimi, yo Eron o‘zini tiyib turishdan charchadimi, bu hali noma'lum. Aslida Hurmuzda bo‘lgan ish Gibraltar bo‘g‘ozida Eronning Grace 1  tankeri bilan yuz bergan holatga o‘xshab ketadi. O‘shanda tanker 2,1 million barrel eroniy neftni ortib Suriyaga ketayotgandi. Britaniya esa uni qo‘lga tushirib, Eron YeIning Suriyaga nisbatan sanksiyalar qoidasiga amal qilmayotganida ayblagan.

Rasmiy Tehron yuklarni erkin harakatlanish uchun qo‘yilishini talab qilgan, aks holda javob harakati bo‘lishini aytib, tahdid qilgandi. Britaniyaning ishiga qaroqchilik deya ta'rif berilgandi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Erondagi hamkasbi Javad Zarifga qo‘ng‘iroq qilib, tanker Suriyaga yetkazilmasligi kafolatlansa, yuklar va jamoa qo‘yib yuborilishini aytgan.

Zarifning aytishicha, London zudlik bilan Eron Islom Respublikasiga qarashli neft tankerini qo‘yib yuborishi kerak. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy axborotiga ko‘ra, Eron har qanday sharoitda neftni import qilishga intiladi. Gibraltar Bosh vaziri Fabian Pikardo tankerni qo‘lga olish to‘g‘risidagi qaror mahalliy parlament bilan kelishilgan holda, uchinchi davlat aralashuvisiz amalga oshirilganini aytsa-da, Eron bu masalada AQShning qo‘li borligini taxmin qiladi.

Bu qanchalik haqiqatga yaqin, vaziyatga aniq baho berish qiyin. Bizga ma'lum fakt shuki, Eron neft tankeri Britaniya tomonidan qo‘lga olingani haqida birinchi xabarni AQSh nashrlari tarqatdi. Vashingtonning o‘zi joriy yilning may va iyun oylarida Eron dengiz hududiga yaqin joylarda 6ta tankerga hujum bo‘lganini bildirib, bulardan Tehronning qo‘li bor, deya ayblagan. Aslini olganda tankerlar ishtirokida janjalning JCPOA'ga aloqasi bormi, bu masala juda chigal.

Fors ko‘rfazidagi tanglik

Gibraltardagi voqeadan so‘ng, Britaniya Transport vazirligi mamlakat bayrog‘i bilan harakatlanuvchi suv kemalarini ehtiyot bo‘lishga chaqirgan. Ularning xavfsizligi uchun Duncan eskadrali mina tashuvchi (esminets) hamrohligi tashkil etilmoqda. Nafaqat ingliz, balki yapon dengizchilari ham hushyor tortdi: kunchiqar mamlakatga tegishli Atlantic Pioneer supertankeri Ras Tanura bandargohidan chiqishda, albatta, harbiy kemani sherik qilib oldi. Pacific Voyager esa Saudiya Arabistoni neftini Britaniya harbiy suv kemasi qorovulligida Hurmuzdan olib o‘tdi.

Ogohlik —  davr talabi. Bu so‘z o‘z isbotini topdi: Eron tankerlardan birini qo‘lga tushirdi. Britaniyaga qarashli emas, lekin noqonuniy million litr benzin tashib ketayotganda ayblangan Panama tankeri Vashingtonga qaratilgan javob bo‘ldi. AQSh ham qarzdor bo‘lmay, darhol chora-tadbirlarni qabul qildi. Trampning aytishicha, AQSh harbiy dengiz kuchlari desantura kemasiga juda yaqin uchgan Eron droni urib tushirildi. Javad Zarif bu xabarni inkor etdi. Uning o‘rinbosari Abbos Aroqchi AQSh adashib o‘z dronini urib tushirgan bo‘lishi mumkinligini kinoya bilan ma'lum qildi.

Endilikda Vashington xursandchilik bilan Britaniyaga qarashli tankerning Eron tomonidan qo‘lga olingani qabul qilinmoqda. Ittifoqchilar ko‘rfazda tankerlar harakatlanishi sohil qorovul qismini tashkil etishdan tashqari, AQShning Eronga qarshi sanksiyalarini BMT minbarida qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Vashington shulardan umidvor.

«Yevropaliklar JCPOA'ni saqlab qolishini aytmoqda, lekin biz amaliy harakatni ko‘rmayapmiz. Istak borligini aytish bilan uni bajarish o‘rtasida katta farq bor, axir», — deydi Tashqi ishlar vaziri Zarif BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashida nutq so‘zlab.

Vashington uchun kelishuvni har qanday yo‘llar bilan barbod etish manfaatli, qolaversa, ittifoqchilar ishtirokida Eronga qarshi harbiy koalitsiya tuzilsa, ayni kutilgan ish bo‘lardi.   Urush xavfi paydo bo‘lsa, Eron yolg‘izlanib qolishi tayin. 

Hozircha Yevropa boshqacha fikrlaydi

Foto: EPA

Eron tomonidan kelishuv shartlariga rioya qilinmay, uranni boyitish ishlari jadallashtirilgani hozircha salbiy qabul qilinmayapti. Vashington esa Tehronni kelishuvdan chetga chiqib, ko‘proq xatoga yo‘l qo‘yishini kutmoqda.

AQSh o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yetishib qolganday ko‘rinadi. U ming bir xil usul bilan bo‘lsa-da, o‘tgan asrning 80-yillarida kuzatilgan tankerlar urushi kayfiyatini Hurmuz bo‘g‘oziga qaytardi.

Mavzuga oid