«Davlat ijrochisi qonun talablarini bajarmagan»: Oliy sud Rishtondagi auksion ishi bo‘yicha munosabat bildirdi
Kun.uz saytida «Rishtonda auksionda mulk sotib olgan fuqaro chuv tushdi(mi?)» sarlavhali maqola e'lon qilingandan so‘ng, ushbu maqola yuzasidan «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUK tomonidan munosabat berilgandi. Unga ko‘ra, fuqaro auksion savdolari orqali ko‘chmas mulkni haqqoniy, halol yutib olgani qayd etilgan. Shuningdek, markaz izohida sud auksion bayonnomasini bekor qilishida «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi tomonidan biror kamchilikka yo‘l qo‘yilgani asoslantirib bermagani ta'kidlangan edi.
Oliy sud ham maqola bo‘yicha holatni o‘rganib o‘z munosabatini bildirdi. Dastavval, berilgan ma'lumotda auksionda sotib olingan mulki qaytarib olinganiga, bu savdoning noqonuniy tashkillashtirilganiga achinish bildirishi aytilgan.
Ma'lum qilinishicha, Farg‘ona viloyat xo‘jalik sudining 2016 yil 18 apreldagi ijro hujjatiga asosan qarzdor «O‘zagrokimyohimoya» Farg‘ona viloyat hududiy aksionerlik jamiyatidan undiruvchi Farg‘ona shahar davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 7 148 511 337 so‘m boqimanda qarzdorlikni undirish belgilangan. Ushbu ijro hujjatiga asosan ijro harakatlari boshlangan va mulk 429 481 834 so‘mga baholangan. Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi davlat ijrochisi F.G‘iyosov tomonidan ijroni ta'minlash maqsadida mulk elektron-onlayn auksion orqali sotuvga chiqarilgan. Savdo tashkilotchisi «Elektron-onlayn auksionlarini tashkil etish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan 2018 yil 23 oktyabrda o‘tkazilgan kimoshdi savdosi yakuniga ko‘ra, javobgar S.Buvojonov g‘olib deb topilib, Rishton tumani, To‘qimachi ko‘chasi 17-uyda joylashgan ma'muriy bino-inshootlar 279 163 192 so‘m 10 tiyinga sotilgan.
Farg‘ona viloyat iqtisodiy sudining 2018 yil 17 dekabrdagi ajrimida 2016 yil 16 martdagi hal kiluv qarori bilan undirilishi belgilangan 7 148 511 337 so‘m soliq qarzdorligi 2017 yil 1 iyul holatiga to‘liq qoplangani qayd etilgan.
Qarzdorlik to‘liq koplangan bo‘lsa-da, majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan Farg‘ona viloyat xo‘jalik sudning 2016 yil 18 apreldagi 15-1606/4437 sonli ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari asossiz davom ettirilgan.
Shu bois, sud, majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi davlat ijrochisi F.G‘iyosovning Rishton tumani To‘qimachi ko‘chasi 17-uyda joylashgan ma'muriy bino-inshootlarni elektron-onlayn auksion savdosiga chiqarish bo‘yicha 2018 yil 20 fevraldagi qarorining noqonuniy deb hisoblab, mazkur ijro harakatlari asosida amalga oshirilgan elektron-onlayn auksioni natijalarini ham haqiqiy emas deb topish haqida qonuniy to‘xtamga kelgan.
Sud o‘z qarorida S.Buvojonov mulkni sotib olish uchun to‘lagan summani javobgar Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limidan undirishni ko‘rsatgan.
Ushbu xatti-harakatlar natijasida O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunining 41, 60, 61-moddalari ijro byurosi tomonidan buzilgani qayd etilgan.
Mana shunaqa gaplar. Fuqaro auksiondan mulk sotib oladi, keyin uni sud orqali oldingi egasi qaytarib oladi. Auksion markazi hammasi qonuniy amalga oshirilganini aytsa, sud organi esa bunga majburiy ijroning xatti-harakatlari noto‘g‘ri deya hisoblamoqda. Odil sudlovni amalga oshiruvchi organ sud deya e'tirof etilgan. Shu sababli, hammasiga aybdor majburiy ijro byurosi deya qabul qilishga majburmiz. Lekin bir haqiqatni bilamizki, bu yerda eng begunoh va jabrdiyda – bu fuqarodir.
Mavzuga oid
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
21:57 / 23.07.2024
Oliy sud fuqaroning ijtimoiy norma bo‘yicha shikoyatini qabul qilmadi
22:11 / 19.07.2024