O‘zbekistonda keyingi uch yil davomida keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramasdan, joylarda ko‘plab muammolar kuzatilmoqda.
Mavzuning dolzarbligidan kelib chiqib, Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram-kanalida O‘zbekistondagi islohotlarga kimlar to‘sqinlik qilayotgani borasida so‘rov o‘tkazdi.
So‘rovda 2 395 kishi qatnashdi. Ishtirokchilarning aksariyati yoki 54 foizi O‘zbekistonda islohotlar o‘tkazilishiga asosan hokimlar to‘sqinlik qilmoqda deb hisoblaydi. Javob berganlarning 14 foizi islohotlarga vazirlik va qo‘mitalar, 11 foizi huquqni muhofaza qilish organlari, 5 foizi - xalq, 1 foizi – nodavlat tashkilotlari va 1 foizi siyosiy partiyalar to‘sqinlik qilyapti degan fikrda. So‘rovda qatnashganlarning 9 foizi islohotlarga boshqa tashkilot va shaxslar to‘sqinlik qilmoqda deb hisoblaydi.

Keyingi vaqtda turli darajadagi hokimlar diqqat markazida bo‘lgani bois so‘ralganlarning aksariyati hokimlarni tanlagan. Joylarda buzish, kompensatsiya, kommunal xizmat muammolari kuzatilmoqda. Mantiqan, mahalliy aholi bu muammolarni hokimlar bilan bog‘laydi, chunki ular ma'lum bir hududni boshqarishadi va hududdagi barcha o‘zgarishlar uchun javobgar hisoblanishadi.
E'tibor berilsa, O‘zbekiston prezidenti har safar viloyatlarga tashrif buyurganida, joylarda hokimlar ishdan bo‘shatiladi. Nima uchun degan savolga prezidentning o‘zi javob berdi.
Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor davomida Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevga birinchi o‘rinbosari va viloyatning bosh soliqchisini ishdan olish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
«Bular qancha gapirishimizga qaramasdan olib borilayotgan ishlarni tushuna olmayapti va tushunishni xohlamayapti. Ro‘ziyev, soliqchingniyam, birinchi muoviningniyam bugunning o‘zida ishdan olib tashla», dedi prezident.
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi davlat boshqaruvi sohasida professional kadrlar tayyorlashga mo‘ljallangan. Aksariyat ekspertlarning ta'kidlashicha, akademiyada tajribali o‘qituvchilar dars beradi. Hokimlarning rezyumelariga e'tibor berilsa, ularning ko‘pchiligi mazkur akademiya bitiruvchilari hisoblanadi. Ammo shunga qaramay, hokimlar davlat uchun ham, jamiyat uchun ham muammolar paydo qilmoqda.















