O‘zbekiston | 21:29 / 20.08.2019
5718
5 daqiqa o‘qiladi

«Taklifimiz o‘z kuchida» - Samarqand viloyat turizmni rivojlantirishi departamenti hukumat qarori bajarilmay qolganiga izoh berdi

Saytimizda Samarqand shahridagi «SHAHEREZADE SAM STAR TOUR» MChJ shikoyati asosida Samarqand tumani hokimligi turizm rivojiga ochiqdan-ochiq to‘siq bo‘layotgani, Vazirlar Mahkamasi qarorini pisand etmayotgani yuzasidan maqola e'lon qilingan edi.

Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyundagi 450-sonli qarori 53-bandida: «Samarqand tumani hududida turizm toifasidagi avtobuslar uchun to‘xtash joyi va garaj, texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, haydovchilarni joylashtirish uchun mehmonxona hamda oshxona qurish uchun yer maydoni ajratish» topshirig‘i belgilangan.

Ammo mazkur korxona oradan ikki yil o‘tgan bo‘lsa-da bu faoliyat uchun yer ololmagan. Tadbirkor murojaati asosida Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi xo‘jalik hududidagi 60 sotix tashlandiq, o‘rmon bilan qoplanmagan yer ajratib berilib, qaror chiqarilgan va Samarqand tumani hokimligi zaxirasiga qaytarilgan. Ammo zaxiraga qaytarilgach, yer boshqa shaxsga berib yuborilgandi.

Samarqand viloyat turizmni rivojlantirish departamenti mazkur holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

«...Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi 2018 yil 30 aprel kuni o‘zining 22-sonli vakillar yig‘ilishida «SHAXReZADe SAM STAR TOUR» MChJga avtobuslar saqlash, haydovchilarga dam olish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida yer maydoni ajratish haqidagi murojaati qanoatlantirib bergan. Biroq, yerni zaxiraga qaytarish masalasi faqatgina O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining vakolatiga kirsa-da, Samarqand o‘rmon bo‘limi 1-uchastkasi yer xaritasining 30, 57-konturini zaxiraga o‘tkazishga qarshilik bildirmaslik mazmunida tuman hokimiga 2018 yil 30 aprel kuni 76-sonli xat bilan nizomga zid ravishda murojaat etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi «YOSHLAR-KELAJAGIMIZ» Davlat dasturi to‘g‘risidagi PF-5466-sonli Farmoniga asosan, fuqaro M.A.ga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish va qayta ishlash sexi qurish uchun tuman hokimining 2018 yil 12 noyabrdagi 4176-Q sonli qarori bilan davlat zaxirasidagi 23-konturdan 0,40 ga yer maydon ajratilgan.

Fuqaro M.A. o‘zboshimchalik bilan O‘rmon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlanganda, tuman hokimining 2018 yil 25 dekabrdagi 5101-Q sonli qarori bilan muvofiqlashtirilib, 23-konturdan 57-konturga o‘zgartirilgan. Ammo bu qaror ham keyinchalik prokuratura tomonidan o‘rganilib bekor qilingan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 450-sonli qarori tegishli ilovasida «SHAXReZADe SAM STAR TOUR» MChJga «Samarqand tumani hududidan yer maydoni ajratib berish qayd etilgan bo‘lsa-da, ammo tumanning qaysi hududidan joy ajratib berish ko‘rsatilmagan. Biroq, tuman hokimligi tomonidan «SHAXReZADe SAM STAR TOUR» MChJga mazkur loyihalarni amalga oshirish hamda Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qarori ijrosini ta'minlash uchun tadbirkorlik sub'yektiga tumanning bir necha joylaridan yer maydoni ajratish bo‘yicha o‘z takliflarini bergan. Tadbirkorga berilgan takliflar bugungi kunda ham o‘z kuchini yo‘qotgan emas. «SHAXReZADe SAM STAR TOUR» MChJ tuman hokimining bu boradagi taklifini qabul qilmasdan, kapital qurilish uchun mo‘ljallanmagan, ya'ni Samarqand O‘rmon xo‘jaligi yer xaritasining aynan 57-konturidan yer maydoni ajratib berishni talab etgan (Tadbirkor mazkur holatni unga turizm uchun nihoyatda noqulay bo‘lgan, yo‘l, muhandislik-kommunikatsiya rivojlanmagan hududdan joy taklif qilingani va bu joylarda ishlab bo‘lmasligi bilan izohladi —tahririyat).

Vaholanki, ushbu yer maydonida kapital qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlangani sababli, bundan avvalgi tadbirkorga berilgan hokimlik qarori ham prokuratura protestiga asosan bekor qilingandi.

«SHAXReZADe SAM STAR TOUR» MChJga turizm toifasidagi avtobuslar uchun to‘xtash va garaj, texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, haydovchilarni joylashtirish uchun mehmonxona hamda oshxona qurish uchun Samarqand tumani «Maroqand agrotexservis» agrofirmasi «Ilonsoy» massivi hududidan yer maydoni ajratib berish taklifi berildi», deyiladi departament izohida.

A.MUSTAFOQULOV tayyorladi.

Mavzuga oid