Samarqand shahridagi «Shaherezade Sam Star Tour» MChJ tahririyatimizga Samarqand tumani hokimligi turizm rivojiga ochiqdan-ochiq to‘siq bo‘layotgani, Vazirlar Mahkamasi qarorini pisand etmayotgani yuzasidan shikoyat yo‘llagan.
Gap shundaki, Samarqandda bugungi kunda zamon talablariga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega, sayyohlarni olib yuradigan avtobuslar uchun maxsus maydoncha, texnika va haydovchilarga xizmat ko‘rsatish majmuasi yo‘q. «Shaherezade Sam Star Tour» MChJ esa ana shunday majmua barpo etmoqchi va bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyundagi 450-sonli qarori 53-bandida aniq qilib: «Samarqand tumani hududida turizm toifasidagi avtobuslar uchun to‘xtash joyi va garaj, texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, haydovchilarni joylashtirish uchun mehmonxona hamda oshxona qurish uchun yer maydoni ajratish» topshirig‘i berilgan.

Murojaatda «Shaherezade Sam Star Tour» MChJ rahbari Tolib Jahongirov jumladan shunday deydi:
«Qarorda Samarqand tuman hokimligiga tuman hududidan joy ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da uning ijrosi bo‘yicha hech ish qilinmadi. Tuman hokimi Shuhrat Jamolov bo‘sh yer yo‘qligi, agar shunday yerni o‘zimiz topsak, rasmiylashtirib berishini bildirdi.
Shundan so‘ng, Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbariyatiga murojaat qilib, xo‘jalik hududidagi 60 sotix tashlandiq, o‘rmon bilan qoplanmagan yerni ajratib berishni so‘radik. O‘rmon xo‘jaligi tegishli qaror chiqarib berdi, xaritasi ham tasdiqlandi. Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekologik ekspertiza xulosasi ham olindi. Barcha hujjatlar rasmiylashtirildi. Qoida bo‘yicha yer bizga berilishi uchun o‘rmon xo‘jaligi balansidan chiqarilib Samarqand tumani hokimligi zaxirasiga qaytarilishi kerak. Xo‘jalik bu yuzasidan ham Samarqand tumaniga tegishli xat yubordi. Ammo yer tuman hokimligi zaxirasiga olingach, bizga emas, boshqa shaxsga berib yuborildi.

Xullas, tuman hokimligi faoliyatimizni rivojlantirish uchun na yer ajratdi va na Vazirlar Mahkamasi qarorini bajardi. O‘zi aytganidek, biz yer topganimizda esa uni ham boshqaga berib yubordi».





















