O‘zbekiston | 15:05 / 26.12.2019
4497
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Milliy farovonlik jamg‘armasi tashkil etiladi

2021 yil oxiriga borib, O‘zbekistonda Milliy farovonlik jamg‘armasi tashkil etilishi kutilmoqda.

Jamg‘arma kelajak avlodlar uchun moliyaviy resurslarni to‘plash va budjet siyosatining barqarorligini ta'minlash, shuningdek, barqaror makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida ochiladi.

Bu haqda kapital bozorini rivojlantirishning 5 yillik strategiyasi loyihasida aytib o‘tilgan.

Loyihadagi «Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, Milliy farovonlik jamg‘armasiga oid normativ-huquqiy hujjat 2021 yilning so‘nggi choragiga qadar ishlab chiqiladi.

Ushbu muddatga qadar, shuningdek, uch bosqichli pensiya tizimiga o‘tish va xususiy pensiya jamg‘armalarini ochish bo‘yicha ham hujjat ishlab chiqilishi belgilangan.

Shu bilan birga, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida ta'lim muassasalarida kapital bozori haqida bilim berish, maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilari uchun fanlarni joriy etish, shuningdek, kapital bozori sohasida keng jamoatchilik o‘rtasida axborot materiallarini tarqatish bo‘yicha keng ko‘lamli axborot kampaniyalarini o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Strategiya loyihasi faqat rus tilida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Hujjatning o‘zbek tilidagi talqini bilan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rasmiy saytida tanishish mumkin.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid