Bugun, 10 yanvar kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2019 yildagi islohotlar samarasi hamda 2020 yil uchun vazifalarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ISESCO) Buxoro shahrini 2020 yilda islom olami madaniyati poytaxti deb e'lon qilgani yuzasidan ma'lumot berildi.
«Bu birinchi o‘rinda biz uchun juda katta faxr bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda juda katta imkoniyat hisoblanadi. Chunki bu e'tirofdan unumli foydalangan holda bizda mamlakatimizning ziyorat turizmini yanada kengroq targ‘ib qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan 2019 yilda Buxoro shahrida o‘tkazilgan I Xalqaro ziyorat turizmi forumini 2020 yilda yana kengroq formatda, O‘zbekiston Ziyorat turizmi haftaligi shaklida o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bu tadbirlar nafaqat Buxoro shahrida, balki Buxoro, Samarqand, Toshkent shaharlarida bo‘lib, turli yo‘nalishlardagi sohalarga oid tadbirlarni qamrab oladi», – dedi qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Saidkomil Xolxo‘jayev.

Foto: KUN.UZ
Uning so‘zlariga ko‘ra, haftalik doirasida O‘zbekiston islom merosini o‘rganish va uni ziyorat turizmi orqali targ‘ib qilishga bag‘ishlangan ilmiy anjuman bo‘lib o‘tadi. Unda xalqaro miqyosda tanilgan turli islom ulamolari qatnashishi ko‘zda tutilmoqda.
«Rejalarimizdan biri – Singapur bilan hamkorlikda Halal and Travel konferensiyasini o‘tkazishdir. Bu konferensiyada ziyorat turizmi va halol turizmga oid 20dan ortiq ekspertlarni jalb qilgan holda sohani rivojlantirish va sohadagi yangi trendlarni o‘rganish, ular bilan o‘rtoqlashish ko‘zda tutilgan.
2019 yilda Ziyorat turizmi konferensiyasining natijasi samarali bo‘ldi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, forumga tashrif buyurgan turli mehmonlar juda ko‘plab sayyohlarni O‘zbekistonga yuborgan. Har bittasi bilan aloqaga chiqib o‘rgandik. Forumning yordamchi natijalari ham juda ko‘p bo‘ldi. Deylik, turizm sohasiga investitsiya kiritganlar ham bo‘ldi. Turizm sohasida mehmonxonalarni boshqaruviga olgan va universitetlar, talabalar bilan ilmiy-amaliy anjumanlarni o‘tkazish holatlari ham bo‘ldi.
Ziyorat turizmini targ‘ib qilishdan asosiy maqsad – turizm salohiyati va O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi markazi ekanini targ‘ib qilish hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoda musulmonlar sonining ortib borishi bilan islom tarixiga va islom merosiga bo‘lgan qiziqish ham ortib boryapti. Yevropadagi va Janubi-Sharqiy Osiyodagi musulmonlarda qiziqish ko‘proq bo‘lyapti.














