Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki direktori o‘rinbosari (Associate Director) Muzaffar Zuxurov – 39 yoshda. U 20 yildan buyon Angliyada yashaydi. Grant asosida Lankaster universiteti bakalavriatini tamomlab, 2005 yilda Sent-Endyurs universitetida magistr-iqtisodchi diplomini olgan va shundan buyon Angliyada bank sohasida ishlab kelmoqda.
Hamyurtimiz bilan Buyuk Britaniyaga safarimiz davomida suhbat uyushtirdik. Suhbatimiz YeTTBning Londondagi bosh shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro moliya tashkiloti Liverpul-strit vokzali yonida joylashgan. U yerga borganimizda qosh qorayib qolgan (Angliyada qish kunlari soat 16:00dayoq qop-qorong‘i bo‘ladi), bankda ish vaqti tugagani sabab deyarli hech kim ko‘rinmasdi.
Muzaffar Zuxurovdan birinchi bo‘lib O‘zbekistonda oxirgi yillarda bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosabatini so‘radik. U YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik 2017 yilda tiklanganini eslab o‘tib, suhbat davomida shaxsiy fikrlarini bildirishi, buni tashkilot nomidan aytilayotgan fikrlar deb qabul qilmaslikni so‘radi.
«Chetdan kuzatganda juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanyapti», deya e'tirof etgan Zuxurov valuta liberalizatsiyasi, qishloq xo‘jaligidagi uzoq kutilgan islohotlar, yirik monopoliyalarni bo‘laklarga ajratib, taqsimlashga qaratilgan harakatlar, norasmiy sektordagi kichik va o‘rta biznesni rasmiy iqtisodiyotga olib o‘tishda soliq islohotining o‘rni, kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, bank sohasi modernizatsiya qilina boshlaganiga e'tibor qaratdi.
Biz esa islohotlar jarayonida qaysi nuqtalarda oqsashni kuzatyapsiz, deya savol berdik.
Oxir-oqibatda faqat 2-3ta bank davlat qaramog‘ida qolsa yetadi
«Hozir O‘zbekistondagi davlat va nodavlat tashkilotlarida ishlayotgan odamlar bilmay yo ko‘rmay qolgan qanaqadir sohalar bor, ular mana bunday qilishi kerak, deyish noto‘g‘ri, menimcha.
Bank sohasiga kelsak, O‘zbekistonda bank aktivlarining 80 foizdan ortig‘i davlat qaramog‘ida. Bu – muammo. Oxir-oqibatda, misol uchun, davlat qaramog‘ida 2-3ta bank qolsa, bu banklar infrastruktura bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlasa, to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki infrastruktura uzoq muddatli investitsiya talab qilgani uchun xususiy banklar unga pul ajratishi qiyin. Nafaqat O‘zbekistonda, hamma joyda shunday. Qolaversa, qaysidir tumanlarga xususiy banklar bormasligi, chunki u joylarda bankning foyda olishi qiyinroq bo‘lishi mumkin. Shu kabi tumanlarda aholiga chakana xizmat ko‘rsatuvchi davlat banklariga ehtiyoj bo‘ladi.


















