Jahon | 16:14 / 17.03.2020
5595
3 daqiqa o‘qiladi

Hollivud pandemiya sababli 20 mlrd dollar yo‘qotishi mumkin

Koronavirus infeksiyasi fonida AQSh kinosanoati daromadlari tushib bormoqda: kinoteatrlar yopilishi bois tushumlar kamaymoqda, studiyalar esa premeralar va yirik loyihalarni  to‘xtatishi ortidan daromadlardan mahrum bo‘lishi mumkin.

Foto: RICH FURY/GETTY IMAGES

COVID-19 pandemiyasi oqibatida butun Shimoliy Amerikadagi kinoteatrlarda chiptalar sotilishi 20 yil ichida ilk bor minimumga tushib ketishiga olib keldi, deb yozadi The Hollywood Reporter. Oxirgi uik-endda 55,3 mln dollar to‘plandi. Hattoki 2001 yilda 11 sentabr fojiasidan keyin ham birinchi uik-endda kassa yig‘imlari 66,3 mln dollarni tashkil etgandi.

Butun dunyoda kinoteatrlar yopilishi va ommaviy tadbirlar bekor qilinishi oqibatida xalqaro tushumlar 7 mlrd dollarga kam bo‘ldi. Tahlilchilar agar vaziyat o‘nglanmasa, yo‘qotishlar keyingi oylarda 17 mlrd dollargacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Koronavirus ko‘plab studiyalarni tayyor filmlar premerasini ortga surishga va yangi filmlar ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur qildi. «O‘lish vaqti emas» filmi premerasining ortga surilishi MGM studiyasiga 30–50 mln dollarga tushadi, «Tinch joy 2» premerasining bekor bo‘lishi oqibatida Paramaunt 30 mln dollar yo‘qotadi.

Disney «Shan-Chi va o‘n uzuk afsonasi» hamda «Suv parisi» filmlarini suratga olishni to‘xtatishi ortidan kuniga 300–350 ming dollar zarar ko‘radi.

Katta ekranlarga chiqishga ulgurgan filmlar bilan ham ishlar ko‘ngildagidek emas. Masalan, «Olg‘a» animatsion filmi tushumi to‘rtinchi uik-endga  kelib 73 foizga tushib ketdi.

Lionsgate studiyasining «Sevgiga ishonaman» filmi kutilgan 14 mln dollar o‘rniga 9,5 mln dollar to‘pladi. Vin Dizel ishtirokidagi «Bladshot» fantastik filmi 9,3 mln dollar yig‘di.  «Ov» trilleri dastlabki uin-endda atigi 5,3 mln dollar to‘pladi. 

15 mart holatiga ko‘ra, dunyoning 32 mamlakatida kinoteatrlar yopilgan. Yana 15 mamlakatda kinozallar vaziyatdan kelib chiqib ishlash jadvalini o‘zgartirdi. Birgina AQShda bir hafta ichida 5400 ta kinoteatr faoliyati to‘xtatildi.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi esa amerikaliklarga kelgusi sakkiz hafta davomida 50dan ortiq kishi to‘plangan tadbirlarga bormaslikni tavsiya qildi. 

Mavzuga oid