Chingiz Aytmatovning asarlaridan birida qiziq o‘xshatish bor: «Bu davlatlar hokkey o‘yinida kiritilgan shaybaga ham siyosiy tus berishadi». Adib osmonga uchirilgan raketalar bahsi haqida mulohaza yuritayotib mana shu o‘xshatishni keltiradi. Ha, bu o‘xshatish AQSh va SSSR munosabatlari haqida aytiladi. Hozir xuddi shunday prinsipiallik AQSh va Xitoy munosabatlarida uchramoqda. Bu ikki mamlakat imkon paydo bo‘lishi bilan bir-birini «chaqib olish»ga harakat qiladi. Ayniqsa, AQSh. Koronavirus esa oddiy narsa emas, naq insoniyat boshiga tushgan eng katta balolardan biri. Xullas bu mavzu hali «uzoq yonadi».

Xitoy nimada ayblanmoqda?

28 aprel kuni AQShda koronavirus yuqtirganlar soni 1 milliondan oshdi. Virus paydo bo‘lgan Xitoyda esa kasallanganlar soni 82 mingdan ko‘proq. O‘zini barcha sohada yetakchi deb hisoblaydigan AQShda esa tabiiy savol tug‘ilmoqda: nega bizda ko‘p, ularda esa kam? Qanaqasiga virus paydo bo‘lgan mamlakatda kasallanganlar 100 mingga ham yetmaydi-yu, dunyoning narigi chekkasida joylashgan AQShda milliondan ortiq odam virus yuqtirdi?

Albatta, ikki mamlakatning karantin choralarini taqqoslasangiz, nega Xitoyda kasallik jilovlanganini tushunib olasiz, lekin Amerika va ayniqsa, Tramp o‘z aybini tan oladigan holatda emas. Ular har qanaqasiga Xitoyni ayblashga urinishadi. Qizig‘i, bu uchun jo‘yali asoslar keltirishmoqda.

Bloomberg’ning ma'lum qilishicha, aprel oyi boshida AQSh razvedkasi Donald Trampga Xitoy kasallikning haqiqiy qamrovini yashirishga urinayotgani haqida hisobot kiritadi. Bu esa koronavirusni doim «Xitoy virusi» deb ataydigan Tramp uchun ayni muddao bo‘ldi. Butun mamlakatda Trampni karantin choralarini o‘z vaqtida joriy etmaganlikda ayblashayotgan bir vaqtda Tramp hamma aybni Xitoyga yuklamoqchi.

Tramp 15 aprel kuni AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ortiq pul bermasligini e'lon qildi. 18 aprelda esa u Xitoyni virus tarqalishida yana bir marta ayblab chiqdi. AQSh prezidentining aytishicha, JSST kasallikning tarqalishidan o‘z vaqtida ogohlantirmagan.

JSST uzoq vaqt Uhandagi laboratoriyaga kira olmagan bo‘lishiga qaramay, Xitoydagi choralarni o‘rnak qilib ko‘rsatdi. Bu esa koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan AQShga yoqmagani aniq. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Xitoy virus mamlakatning har bir provinsiyasida aniqlanganiga qadar kasallik odamdan odamga yuqishini tasdiqlamagan. Buni aniqlash uchun Uhanga borgan xalqaro ekspertlarga esa kasallarni tekshirishga ruxsat berishmagan.

Pompeoning fikricha, Xitoy JSST ogohlantirgandan keyin ham kasallikning qanchalik xavfli ekani haqida ma'lumot bermagan. Shuningdek, Pompeo Xitoy koronavirusning dastlabki namunalarini yo‘q qilganini aytdi. Shu sabab endi kasallik evolyutsiyasini nazorat qilish imkonsiz hisoblanadi. AQSh davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy o‘z namunalari bilan tanishishga biror davlatga ham ruxsat bermagan. Agar bu juda jiddiy ayblovlar isbotlansa, chindan Xitoy og‘ir avholda qolishi mumkin.