Yaponiya va Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda pandemiyaga sabab bo‘lgani uchun Xitoydan boshlangan pandemiyaning huquqiy oqibatlari, kasallikning global va O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'sirini tahlil qilib berishdi.

– Pandemiya oqibatida yuzaga kelayotgan huquqiy, siyosiy, iqtisodiy inqirozlarni kuzatib shu fikrga kelish mumkinki, hatto rivojlangan davlatlar ham bu darajadagi epidemiyaga tayyormasligi ko‘rinib qoldi. AQSh ham kuzatilayotgan statistikani ham olib qaraydigan bo‘lsak, shu darajadagi qudratli davlatning sog‘liqni saqlash tizimi ham koronavirus oldida ojiz bo‘lib qoldi. Bunga qaysidir ma'noda prezident Trampning tiyiqsiz harakatlari, karantin cheklovlarini o‘z vaqtida joriy etmagani ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu haqida ham ko‘p fikrlar bildirilyapti.

Ayrim davlatlar, xususan, AQSh va Buyuk Britaniya allaqachon Xitoyni ayblashni boshlab yuborishdi. Tez orada XXRni xalqaro javobgarlikka tortish haqidagi iddaolar ham yangrayapti.

Alisher UMIRDINOV, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori (Yaponiya):

– Jamshid aka, shu o‘rinda bir qo‘shimcha aytmoqchiman. Covid-19 tarqalishida Xitoyning xalqaro huquqiy javobgarligi bor yoki yo‘qligi o‘zim a'zo bo‘lgan Xalqaro huquqshunoslar jamiyatida ham qizg‘in bahslarga sabab bo‘lyapti. Xalqaro huquqda bir davlatni huquqiy javobgarlikka torta olish uchun o‘sha davlat ma'lum bir xalqaro huquqiy asoslarni, ya'ni xalqaro shartnoma, xalqaro odat huquqi yoki xalqaro umume'tirof etilgan xalqaro normalarni buzgan bo‘lishi kerak. Bu yerda Xitoy Covid-19 yoyilayotgani va uning xavflilik masalasi bo‘yicha qaysi manba asosini buzdi, qaysi huquqiy asosga xilof ish qildi, degan masala bor.