O‘zbekiston | 20:04 / 12.05.2020
51606
5 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoga chigirtka balosi xavf solyaptimi? - Soha mas'uli bilan suhbat

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida chigirtka ko‘payib ketayotgani va bu orqali qishloq xo‘jaligi jiddiy xavf bilan yuzlashayotgani borasida xabarlar paydo bo‘ldi. Xabar bir qancha xorij saytlarida ham yoritildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz muxbiri ushbu xabar yuzasidan «O‘zagrokimyohimoya» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Rajabboy Ochilovdan izoh oldi.

— Qashqadaryoga chigirtka yopirilgani va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga zarar yetkazayotgani qanchalik haqiqat? Agar xabarlar rost bo‘lsa unda chigirtka qayerdan kirib kelgan va «O‘zagrokimyohimoya» uni bartaraf etish uchun nimalar qilmoqda?

— Chigirtkalar Qashqadaryoga asosan qo‘shni Turkmanistondan keladi. Lekin hozir kirib kelolmaydi, chunki chigirtka 4-5 yoshga kirgandan keyin qanot chiqaradi. Shundan keyin ucha boshlaydi. Shamol, o‘zining uchish tezligi yordamida cho‘l hududlariga, Qashqadaryoning Dehqonobod, Nishon, Muborak, Tallimarjon tumanlariga keladi va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazadi. Oxirgi 4-5 yil ichida chigirtkalar qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazgan holatlar bo‘lmagan. Sababi texnikalarimiz kuchli. Deltaplan, Humo apparatli mashinalar, purkagichli traktorlar yetarli. Chigirtkalar bizni hududga hali kirib kelgani yo‘q. Bu may oyi oxiri va iyun oyi boshida, ya'ni chigirtka qanot chiqargandan so‘ng sodir bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, Qashqadaryoning Qamashi, G‘uzor, Dehqonobod hududlariga o‘zimizdagi tog‘lardan ko‘proq chigirtka kirib keladi. Har yili bunga qarshi qattiq kurashamiz. Turkmaniston keyingi 2-3 yil ichida 150 tadan ortiq maxsus purkagich traktorlarni O‘zbekistondan xarid qildi. Turkmanistonning cho‘l hududlaridagi 1 mln gektar yerida chigirtkalar nihoyatda ko‘p. Ikki davlat Qishloq xo‘jaligi vazirligi, chegara qo‘shinlari o‘rtasida bitim tuzilgan. Unga asosan, ikki mamlakat o‘z hududidagi chigirtkalarga qarshi kurashadi. Hozir ikki tomondayam chigirtkalar yo‘q, kuzatib turibmiz. Shuning uchun bunday xavf yo‘q hozircha. Lekin bo‘lishi mumkin.

— Tahririyatimizga ko‘plab tomorqachi va dehqonlar takroriy ekilgan ekinlarga noma'lum kasalliklar ko‘p tushishi, buning oqibatida yetarli hosil ololmasligi borasida murojaat qilishadi.

«O‘zagrokimyohimoya» tomorqachi va dehqonlarning bu muammolaridan xabardormi? Agar tashkilot undan xabardor bo‘lsa nega ularga tavsiyaviy, amaliy jihatdan ko‘mak bermayapti?

O‘zbekistonda bu sohada tajribali olimlar ko‘p. Toshkentda O‘simliklarni himoya qilish instituti bu borada izlanish olib boradi va kasalliklarni o‘rganib, tavsiyalar berilyapti. Lekin dori-darmon zavodlari respublikada 3-4 ta, xorijdan ham keltiriladi. Bunda muammo yo‘q.

Agar dehqon bizga murojaat qilib shartnoma tuzsa, jamiyatimiz qoshida «A'loxizmat» nomli xizmat tashkil qilingan va unda zararkunandalarga qarshi kurashuvchi yetarli texnikalar bor. Asosiy masala mablag‘. Qaytaraman, tomorqachi va dehqonlar bizning jamiyatlar bilan shartnoma tuzishlari kerak, shunda ularga xizmat ko‘rsatiladi.

— Maqsad tomorqa yerlardan yuqori hosil olish ekan, tomorqachilarning har biri jamiyatning bo‘limlariga borib u bilan shartnoma tuzib yurishi qanchalik to‘g‘ri? Sizlar tomorqachilarga ko‘proq nazariy ma'lumot berib, kasalliklarga qarshi dorilarni vaqtida yetkazib bersangiz shunda maqsadga tezroq yetilmaydimi?

To‘g‘ri. Sohada qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Yana takror aytaman: hammasi mablag‘ga borib taqaladi. Agar davlat ahamiyatiga molik darajada zararkunandalar ekinlarga xavf tug‘dirsa, masalan chigirtkalar bo‘lsa, hukumat ularga qarshi kurash uchun pul ajratadi. Lekin respublika bo‘yicha tomorqalar hududlari juda katta, yarim million gektardan ortiq. Ular biz bilan shartnoma tuzishlari yoki o‘zlari dori-darmonni sotib olishlari kerak bo‘ladi.

— Muammo shundaki, kasalliklar yangi va tomorqachilar undan yaxshi xabardor emas.Ularga bu kasalliklar haqida ma'lumot berish kerak-ku. Chunki kasalliklar ko‘payib ketyapti. Tomorqachi uni aniqlab, davosini topgunicha yangi kasalliklar paydo bo‘lyapti.

Ko‘p hududlarda o‘simliklarni himoya qilish klinikalari ochildi. Ular ekinlar, daraxtlardagi kasalliklarni aniqlab, davosi bo‘yicha o‘sha joyning o‘zida tavsiyalar berishni boshlashadi. Hamma joyda ham bunaqa klinikalar yo‘q. Sanitariya nazorati agentligi yoki boshqa turdagi tashkilotlar yordamida har bir xonadonga kirish, tavsiya berish huquqi ta'minlanadi. Bu sohada kamchilik ko‘p.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid