Jahon | 17:39 / 29.05.2020
7810
3 daqiqa o‘qiladi

Twitter Trampning Minneapolisdagi tartibsizliklar haqidagi yozuvini ijtimoiy tarmoq qoidalariga zid deb topdi

Avvalroq Twitter Trampning xabarini “feyk xabar” sifatida belgilaganidan so‘ng AQSh prezidenti bundan qattiq norozi bo‘lgandi. 

Foto: Doug Mills–The New York Times/Bloomberg/Getty Images

Twitter kompaniyasi AQSh prezidenti Donald Trampning Minneapolisdagi tartibsizliklar to‘g‘risida qoldirgan postida zo‘ravonlikni olqishlash bor deb topdi.

Trampning bu tviti ijtimoiy tarmoq qoidalarini buzuvchi post sifatida baholandi, ammo Twitter ushbu yozuv jamoatchilikda qiziqish uyg‘otishi mumkin deb hisoblab uni o‘chirmadi.

"Bu palidlar Jorj Floydning xotirasini oyoqosti qilmoqda va men bunga yo‘l qo‘ymayman. Hozirgina gubernator Tim Vals bilan gaplashdim va harbiylar u bilan birga bo‘lishini aytdim. Biz qiyinchilik paydo bo‘lsa, nazoratni ushlaymiz, ammo talonchilik boshlansa o‘t ochish ham boshlanadi", - deb yozgandi Tramp.

Kompaniya  Trampning “talonchilik boshlansa o‘t ochish ham boshlanadi” deya keltirgan iqtibosini zo‘ravonlikni  olqishlash deb topdi. Bu ibora AQShda 1967 yilda irqiy tengsizlikka qarshi isyonlar bo‘lib o‘tgan vaqtda Mayami politsiyasiga rahbarlik qilgan Uolter Xedliga tegishli.

Minneapolis shahrida 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floydni qo‘lga olish chog‘ida politsiyachi uni o‘ldirib qo‘ydi. Floydning o‘limi xabariga javoban Minneapolisda politsiya zo‘ravonligi va irqiy tengsizlikka qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. Shaharda tartibsizliklar, talonchilik va binolarga o‘t qo‘yishlar yuz berdi. Minneapolis markazida bir necha yirik yong‘in ro‘y berdi, ko‘plab do‘konlar to‘liq yonib ketdi. 

Donald Tramp bugun ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Twitter, Facebook va Google Trampning bu farmonini internet erkinligiga tahdid deb baholadi.

Avvalroq Twitter Trampning xabarini “feyk xabar” sifatida belgilaganidan so‘ng AQSh prezidenti bundan qattiq norozi bo‘lgandi

Mavzuga oid