O‘zbekiston | 22:05 / 15.06.2020
13272
11 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘allikni qisqartirishda monopoliya to‘sig‘i, YeOII atrofidagi tanqidlar - Obid Hakimov bilan suhbat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Unda davlat rahbari Xitoy tajribasidan kelib chiqib, davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalarni 3 yil muddatga kambag‘allik darajasi yuqori qishloqlarga mehnat faoliyati uchun yo‘naltirish bo‘yicha taklif bilan chiqdi.

Kun.uz muxbiri ayni mavzuda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov bilan intervyu uyushtirdi.

– Kambag‘allikka qarshi kurashning bir necha yo‘llari bor. Bir yo‘nalish aholiga ish o‘rinlari yaratib, ularning moddiy ta'minotini yo‘lga qo‘yish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish aholining xarid qobiliyatini oshirish hisoblanadi. Xarid qobiliyatini oshirish bozorlardagi iste'mol tovarlarning narxini tushirish orqali amalga oshiriladi. Lekin bizda monopoliya degan illat borki, bu aholining xarid qobiliyatini oshirishda jiddiy to‘siq bo‘lib keladi. «O‘zavtosanoat», milliy aviakompaniya, temir yo‘l, neft-gaz sohasi...

Tabiiyki, aholi bu kabi xizmatlardan foydalanishi qiyin, chunki bozorning yakka egasi narxni istaganicha belgilaydi. Nima deb o‘ylaysiz, agar davlat chindan kambag‘allikka qarshi kurashishning samarali yo‘lidan borishni istasa, birinchi navbatda monopoliyaga qarshi keskin kurashgani, bozordagi o‘sha «nahanglar»dan qutulib olgani ma'qulroq emasmi?

– Kambag‘allikka qarshi kurash kompleks jarayon. Bu faqat ish bilan ta'minlash yoki xarid qobiliyatini oshirish bilan bo‘lib qolmaydi. Fikringiz bir tarafdan to‘g‘ri ham. Narxlar darajasini aytadigan bo‘lsak, monopolistik bozorlarda erkin raqobat bozorlariga qaraganda narxlar baland bo‘ladi. O‘zbekistonda bu bo‘yicha ish qilinmayapti, deyish ham noto‘g‘ri. 3 mingga yaqin davlat ulushi bor korxonalar bo‘lsa, postpandemiya iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridan biri davlat ulushi bo‘lgan katta tashkilotlarning islohotlari hisoblanadi. Bu islohotlar bo‘yicha bizda aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Bu choralar bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

Kuni kecha O‘zbekistondagi to‘lov qobiliyati haqida hisobotni ko‘radigan bo‘lsak, hozir davlat ulushi bor korxonalarda olib borilayotgan islohotlar muvaffaqiyatli bo‘lsa, bu O‘zbekistonning to‘lov qobiliyatiga yaxshi ta'sir qiladi. Bu borada ham ishlar ketyapti. 2021 yilda davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlarni isloh qilish, xususiylashtirish, ularning samaradorligini, raqobatbardoshligini oshirish nazarda tutiladi. Raqobatbardoshlikning oshishi – o‘z-o‘zidan tannarxning pasayishidir.

Bu birinchi o‘rindagi masala emas. Bu muhim masala, lekin kambag‘allikni pasaytirishdagi birinchi masala bu emas.

– Kambag‘allikka qarshi kurashda inson kapitalini oshirish kerak, degan fikrni aytdingiz. Lekin hozir oyog‘imizga tushov bo‘lib turgan muammoni birinchi hal qilib olishimiz kerak emasmi?

– Bu ham o‘z yo‘lida ketaveradi. Lekin bitta avlodni tarbiyalash uchun yillar ketadi, deb buni qilmaydigan bo‘lsak, butun avlodlarni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin.

Kambag‘allikka qarshi kurashda hamma yo‘nalishlar olingan – monopoliya bo‘yicha ham harakatlar amalga oshirilyapti. Inflatsiya bo‘yicha 2020 yildan boshlab inflyatsion targetlash rejimiga o‘tdik. Oxirgi 3 yilda inflatsiya darajasi pasayib kelyapti. 2023 yilgacha maqsadimiz 5 foizli inflatsiya darajasiga tushish.

Hozircha amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosat avvalida belgilangan, buni birdaniga tushirib bo‘lmaydi. 20 foizga chiqqan inflatsiyani bir yilda 5 foizga tushirish umuman imkonsiz. Chunki mamlakatda katta islohotlar, investitsion loyihalar amalga oshirilyapti. Buni birdaniga tushirishning iloji yo‘q, shuning uchun 2023 yilgacha sekinlik bilan 3 foizga tushishi kerak. Shunda stabil makroiqtisodiy muhit yaraladi.

– 19 may kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlar rahbarlari videokonferensiya orqali muloqot o‘tkazdi. Unda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning YeOII bo‘yicha e'tirozlari ham eshitildi. To‘qayevdan tashqari, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham YeOII bo‘yicha bir necha marta tanqidiy fikrlar bildirgan. Ayting-chi, bu tanqidlar O‘zbekiston davlat rahbarining fikrlariga qanchalik ta'sir o‘tkazadi?

– Bular davlat rahbariga qanchalik ta'sir qilayotganini ayta olmayman. Ammo iqtisodchi sifatida o‘z fikrimni aytishim mumkin.

Bu yo‘nalishda juda ko‘p tahlillarga asoslanilgan, hisob-kitob qilingan. Davlat rahbari tomonidan qabul qilinayotgan har bir qarorda bular tahlillar asosida ko‘rsatilyapti. Qaror qachon aniq, foydali qaror bo‘ladi – qanchalik ko‘p fikrlar inbatga olgan, qanchalik ko‘p tahlillarga asoslangan bo‘lsa, demak, informatsion assimetriya bo‘lmaydi, qarorlar maksimal darajada foyda beradi.

Bunday yig‘ilishlar mobaynida bu singari konstruktiv dialoglar har doim bo‘ladi. Ko‘pgina hollarda konstruktiv dialoglar yopiq eshiklar ortida kelishiladi va keyingina umumiy ommaga ma'lum qilinadi. Bu safargi kelishuv to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn shaklda bo‘ldi, bu safar ham konstruktiv dialoglar bo‘ldi. Bunga salbiy qarash kerak emas.

Odamlar Rossiyaning bu yerda 90 foiz hissasi bor, u aytgan narsa bo‘ladi, deyapti. Yo‘q, Qozog‘iston qabul qilinayotgan hujjatlar bo‘yicha o‘zining fikrini aytdi. Barcha a'zo davlatlar tomonidan mana shu e'tirozlar qaytadan ko‘rib chiqilib, hujjat yana qayta kiradi, degan qaror qabul qilindi. Tashkilotda birgina Rossiyaning fikri amal qilyapti, degan munosabatning noto‘g‘riligiga buni isbot sifatida aytishim mumkin.

Belarus bilan bog‘liq holat uzoq davrlardan beri bo‘lib kelyapti. Buning ham o‘z iqtisodiy asoslari bor. YeOIIga qo‘shilish bo‘yicha Kun.uz’ga bergan intervyumda buni batafsil tushuntirganman. Bir ittifoqqa kirdingizmi, manfaat bormi, demak, shu ittifoqda turasiz. Agar sizda manfaat bo‘lmasa, bu ittifoqdan chiqib ketasiz.

– Nega bu ittifoqqa Xitoy Xalq Respublikasi jalb qilinmaydi? Agar Xitoy ittifoqqa jalb qilinadigan bo‘lsa, uning iqtisodiyligiga, siyosiy emasligiga ishonch paydo bo‘lardi, menimcha.

– Ittifoqqa jalb qilinayotgan mamlakatlar iqtisodiy o‘sish yoki institutsional tarafdan bir-biriga yaqin bo‘lishi kerak. Iqtisodiy ittifoqlar tuzishda asosiy narsa ishlab chiqarish zanjirlarini bir-biriga ulash orqali mamlakat yuqoriroq iqtisodiy natijaga ega bo‘ladigan holat bo‘lishi kerak. Shuning uchun iqtisodiy ittifoq bo‘lgandan keyin unga hamma mamlakat ham kelib qo‘shilavermaydi. Unga to‘g‘ri keladigan va kelmaydigan mamlakatlar bo‘ladi.

Ittifoqqa Xitoy qo‘shilsa, qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? YeOIIning Xitoy bilan erkin savdo bo‘yicha kelishuvi bor. Iqtisodiy ittifoqqa foyda keladigan bo‘lsa, qo‘shilasiz. Foyda kelmasa, qo‘shilmaysiz. O‘zingizga foyda keltirmasa, noratsional qaror qabul qilmaysiz-ku.

Iqtisodiy ittifoq deganda iqtisodiy, moliyaviy resurslar, ishchi kuchi bemalol aylanadigan hudud haqida gap ketadi. 1 mlrd 250 mln aholisi bilan Xitoyni ham bu ittifoqqa qo‘shadigan bo‘lsak, hozirgi holatda to‘g‘ri keladimi?

Hamma narsaning tagida chuqur iqtisodiy tahlillar bo‘lishi kerak. Ularning effektlari hisoblab chiqiladi.

– Moliya vazirligidan olingan oxirgi ma'lumotga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonning tashqi qarzi (2019 yil yakuniga ko‘ra) 23 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich esa oxirgi bir yilda keskin oshgan. To‘g‘ri, yirik iqtisodiyotga ega davlatlarda tashqi qarzlar unchalik ham xavotirli hisoblanmasligi mumkin. Lekin kichik iqtisodiyotga ega O‘zbekiston uchun tashqi qarzning sezilarli oshib ketishi tagida nima yotibdi va bu qanchalik to‘g‘ri?

– Yirik davlat qarz olsa, hech narsa qilmaydi, degan fikr noto‘g‘ri. Chunki qarz – mamlakatning o‘sishiga ikki xil ta'sir qiladi. Birinchi fazasida qarz ko‘paygan sari mamlakatning iqtisodiy o‘sishi tezlashadi. Bu pozitiv effekt bo‘ladi. Ma'lum darajaga yetgandan keyin qarz oshib ketadigan bo‘lsa, bu qarzga xizmat ko‘rsatish qimmatlashib boradi, qarz berishda foizlar ham baland bo‘ladi. Foizlar ma'lum darajaga yetgandan keyin, qarz qimmatlashib boradi. Keyin uning iqtisodiy o‘sishga ta'siri salbiy bo‘ladi.

Birinchi fazada pozitiv, ikkinchi fazada negativ effekt bo‘ladi. Buning har bir mamlakat uchun o‘z maksimumi bo‘ladi. Maksimumdan o‘tib ketsangiz, iqtisodiyotingizga negativ ta'sir ko‘rsatadi, shu maksimumga yetmay qolsangiz, pozitiv ta'sir qilaveradi.

O‘zbekistonda umumiy (tashqi) qarzlar (YaIMga nisbatan) 50-55 foiz atrofida bo‘ladigan bo‘lsa, bu iqtisodiy o‘sishga salbiy ta'sir qilmaydi. Davlat kafolatida bo‘lgan qarzlarda (YaIMga nisbatan) 35 foiz deyiladi. Undan oshmasa, iqtisodiy o‘sishga yoki to‘lov qobiliyatiga salbiy ta'sir qilmaydi.

Shu hisob-kitoblar asosida O‘zbekistonda ham tashqi qarz bo‘yicha siyosat shakllantirilgan. Birinchi marta qonun bilan O‘zbekistonda 2020 yilda olinadigan tashqi qarz summasi 4 mlrd dollar (oshmasligi) belgilangan. Bu optimal nuqtalardan kelib chiqqan holda belgilangan. Shu optimal nuqtalarni mustahkam ushlab turar ekanmiz, tashqi qarz iqtisodiy o‘sishimizga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Mavzuga oid